O‘zbekiston | 07:32 / 05.05.2020
30665
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qaror imzolaydi

Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning “Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2020 yil 1 maydan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uch tomonlama shartnomalar asosida, yetkazib beruvchi tashkilotlar o‘rtasida takliflarini ko‘rib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda, beg‘arazlik va shaffoflik mexanizmlariga muvofiq quyidagi miqdorda subsidiyalar ajratiladi:

a) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, yetkazib beruvchi tashkilotlar va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida:

yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha;

sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha;

urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha;

b) ishsiz fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar a'zolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha.

Belgilanishicha, mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq subsidiyalar ajratish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlar uchun subsidiya va grantlar ajratish tartibini saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ikki hafta muddatda tikuvchilik, hunarmandchilik, asalarichilik, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik va boshqa ilg‘or sohalarda kooperativlar tashkil etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:

kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish;

kooperativlarga ishsiz fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar a'zolari, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar, shuningdek, kooperativ faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega yetakchi tadbirkorlarni birlashtirish.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining ishsiz, kam ta'minlangan, kambag‘al oilalarga tomorqa yer uchastkalari samaradorligini oshirishni hamda qishloq xo‘jaligi kooperativlari a'zoligiga badal to‘lash uchun subsidiyalar ajratishni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga 50 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratish haqidagi taklifiga rozilik beriladi.

Mavzuga oid