Eng mashhur familiya – Baxtiyorov. Eng mashhur ismlar – Muhammadali va Soliha
Adliya vazirligi Kun.uz so‘roviga javoban O‘zbekistondagi eng mashhur ism-familiyalarni ochiqladi.
FHDYo arxivlari elektronlashtirilgani natijasida tizimdagi 60 milliondan ortiq qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlar raqamlashtirilgan bo‘lib, bu ayrim statistik ma’lumotlarni aniqlash imkonini bermoqda. Xususan, Adliya vazirligi Kun.uz so‘roviga javoban 2015 yildan keyingi davrda O‘zbekistondagi eng mashhur ism-familiyalar ro‘yxatini taqdim etdi.
Aniqlanishicha, mamlakatimizdagi eng mashhur o‘nta familiya quyidagilar:
- Baxtiyorov – 35602 nafar fuqaro shunday familiyaga ega;
- Baxtiyorova – 33342;
- Rustamov – 28713;
- Rustamova – 26731;
- Abdullayev – 20968;
- Abdullayeva – 19821;
- Erkinov – 17433;
- Bahodirov – 16238;
- Shavkatov – 16126;
- Erkinova – 16074;
Bu – 2015 yildan hozirgacha bo‘lgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra tayyorlangan reyting. Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaga ko‘ra, 1991 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan va undan avvalgi hujjatlar hali to‘liq raqamlashtirilmagani sababli respublikamizdagi eng mashhur familiyalar va ushbu familiyali shaxslarning soniga doir statistik ma’lumotlarni aniqlash hozircha imkonsiz.
2013 yildan buyon O‘zbekistonda tug‘ilgan 119995 nafar o‘g‘il bolaga Muhammadali ismi berilgan. Jumladan, birgina 2023 yilning 28 may holatiga 9806 nafar bola shunday ism olgan va bu respublika miqyosida eng ko‘p qo‘yilgan ismdir. Umuman olganda, Muhammadali ismi 2014 yildan buyon o‘g‘il chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilayotgan ismlar ro‘yxatini boshqarib kelmoqda. Faqatgina 2018 yili u ikkinchi o‘ringa tushib qolgan, o‘sha yili Mustafo O‘zbekistonda eng ko‘p qo‘yilgan ism deya qayd etilgan.
Xuddi shu davrda tug‘ilgan 114540 nafar qizaloq Soliha ismini olgan. Bu ism 2018 yildan buyon O‘zbekistonda eng ko‘p qo‘yilayotgan ism bo‘lib turibdi. Shuningdek, 2021 yilda 6015, 2020 yilda 4071 nafar qiz chaqaloqqa Solihabonu deya ism qo‘yilgan. Garchi bular bitta ismning turli shakli bo‘lsa-da, ismlarga qo‘shiladigan qo‘shimchalar (-xon, -oy, -bonu va hokazo) ularni unikal ismga aylantiradi va elektron bazada alohida qayd etiladi. Shunga ko‘ra arxiv ma’lumotlari yaxshilab tahlil qilinsa, aslida Soliha ismli qizlar hozirgidan ancha ko‘p bo‘lib chiqishi mumkin.
Mavzuga oid
08:45 / 24.12.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi salkam 60 mlrd dollarga yetdi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
08:10 / 10.12.2024
O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mlndan oshdi
16:51 / 09.12.2024