O‘zbekiston | 01:39 / 08.05.2020
20252
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kunini faqat oila davrasida nishonlash tavsiya etildi

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonning barcha hududlarida 9 may - Xotira va qadrlash kunida ommaviy tadbirlar o‘tkazish, II jahon urushi qatnashchilari va yoshi ulug‘ faxriylarning holidan xabar olish taqiqlanadi.

Foto: Kun.uz

Respublika maxsus komissiyasi xabariga ko‘ra, mazkur cheklov «yashil», «sariq» va «qizil» toifalardagi hududlarning barchasi uchun taalluqlidir.

«Barchamiz uchun ulug‘ ushbu bayramni faqat oila davrasida nishonlash tavsiya etiladi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda MDHga a'zo va boshqa ko‘plab xorijiy mamlakatlar tomonidan 9 may kuni bayram tadbirlari o‘tkazishda fuqarolarning jamoat joylarida to‘planishi bo‘yicha qat'iy cheklovlar qo‘llanayotgani, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga asosan koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish yoshi kattalarda og‘ir kechishi inobatga olingan holda shunday qarorga kelingan.

Bundan tashqari, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida jamoat joylarida harakatlanishda, savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlash, shuningdek uch kishidan ko‘p shaxslarning to‘planishi bo‘yicha talablar saqlanib qolgani eslatib o‘tilgan.

«Ushbu talablarni buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi mumkin», – deyiladi xabarnomada.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga muvofiq, II jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi.

Mavzuga oid