Jamiyat | 18:09 / 07.09.2020
64588
2 daqiqa o‘qiladi

Rekord – Buxorolik erkak ikki xotiniga birdaniga 810 mln so‘mdan ortiq aliment to‘ladi

Erkak 3 farzandli bir ayoliga 537 mln, 2 farzandli ikkinchi ayoliga 274 mln to‘lab bergan.

Foto: Majburiy ijro byurosi

Majburiy ijro byurosining Buxoro shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2020 yil 11 martdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.R.dan undiruvchi M.G. foydasiga uch nafar farzandi moddiy ta'minoti uchun voyaga yetguniga qadar, qarzdorning har oydagi ish haqi va boshqa turdagi barcha daromadlarning ½ qismi miqdorida oy sayin aliment undirish;

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2020 yil 27 martdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.R.dan undiruvchi M.Sh. foydasiga ikki nafar farzandi moddiy ta'minoti uchun voyaga yetguniga qadar, qarzdorning har oydagi ish haqi va boshqa turdagi barcha daromadlarning ½ qismi miqdorida oy sayin aliment undirish haqida ijro ishi mavjud edi. 

Ijro harakatlari davomida qarzdor A.R.ga O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari tushuntirildi. 

Farzandlarining moddiy ta'minoti va majburiyatini anglagan qarzdor ota A.R. oldindan undiruvchi M.G.ga uch nafar farzandi uchun 537 mln. 525 ming so‘m va undiruvchi M.Sh.ga ikki farzandi uchun 274 mln. 392 ming so‘m aliment pullarini biryo‘la oldindan to‘lab berdi.

Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor A.R.ga belgilangan barcha cheklovlar bekor qilinib, aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari amalda tamomlandi.
Aliment to‘lovchi qarzdor otalar o‘zlariga bugungi qahramonning harakatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishadi, albatta.

Mavzuga oid