Jamiyat | 12:35 / 05.05.2021
2250
6 daqiqa o‘qiladi

Qurilishga mablag‘ kesilgani tufayli Dang‘aradagi bolalar bog‘chasi ochilishi kechikmoqda

Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumani, Sanam mahallasi Eski Shildir qishlog‘i ahli ishlamayotgan bolalar bog‘chasi borasida tahririyatimizga murojaat tushdi. Qishloqdagi 13-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi kapital ta'mirdan chiqarilgan bo‘lsa-da, hamon faoliyat boshlamayapti.

Aytilgan bolalar bog‘chasiga borib guvoh bo‘ldikki, chindan ham bog‘cha kapital ta'mirdan chiqarilgan bo‘lib, u zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etgan.

Ta'lim muassasasi mudirasini o‘z ish joyidan topa olmadik. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, rahbar tumanda o‘tayotgan amaliy seminarda ishtirok etayotgan ekan.

Bizni muassasa hovlisida kutib olgan murojaatchilar nomidan vakil, shu qishloqda istiqomat qiluvchi Saidjon Ismoilov bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

«Qishlog‘imizdagi ushbu bog‘chani qurish ishlari 2020 yilni boshlarida boshlanib, oktyabr oylarida yakuniga yetgan. Ochilish marosimi bo‘lishi kerak edi, biroq oydan-oyga surilib kelyapti. So‘rab-surishtirdik, bilsak — qurilishga ajratilgan mablag‘ to‘liq o‘tkazdirib berilmaganligi sababli, bog‘chaga o‘rnatiladigan podstansiya va qorovulxonaning qurilishi bitmabdi. Hozir podstansiyani olib kelib berishdi. Endi ustunlarga qarab turibmiz. 15 aprel kuni ochilish marosimi qilish kerak. Xalq bolalarimiz qachon bog‘chaga qabul qilinadi, deb ko‘p talab qilmoqda».

Saidjon Ismoilovning bildirishicha, maktabgacha ta'lim muassasasiga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan transformator uchun olti dona tayanch ustunlari kerak bo‘lmoqda.

Qolaversa, bog‘cha qorovulxonasini qurilishi hamon boshlanmagan. Uni ham tezlashtirish kerak. Bu borada mahalla ahli tegishli davlat idoralariga — tuman hokimligi, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga murojaat qilgan biroq ushbu idoralar fuqarolarning yozma murojaatlariga umuman javob qaytarmagan. Hudud tuman prokurorining sektoriga kiradi. Aholi prokurorga ham murojaat qilgan. Sektor rahbariyati ham har safar odamlarni «qilinadi», deya ortga qaytaradi.

«Hozir bu bog‘chamizga 5 ta qishloqdan bolalar keladi. Bu yerga qatnagan bolalarning uch-to‘rttasi uy bog‘chasiga kiradi, qolganlari uyida. Mas'ullardan iltimosimiz shu bog‘cha ochilishini tezlashtirib berishsa»,  — deydi suhbatdoshimiz.

Murojaatchilar bilan suhbatlashib bo‘lgunimizga qadar bog‘cha qurilishini amalga oshirgan quruvchi tashkilot «To‘laboy yog‘dusi» xususiy korxonasi rahbari Orifxon Jo‘rayev ham kelib qoldi.

Quruvchi tashkilot rahbarining ta'kidlashicha, korxona 2020 yil may oyida, tendir tanlovida g‘olib chiqib obektda qurilish ishlarini boshlagan. 2020 yilning noyabr oyida esa korxona tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida obekt qurilishini tugallagan.

Qurilish ishlariga 2 miliard 342 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bog‘cha hududini obodonlashtirish, hojatxona binosi, qo‘shimcha oziq-ovqat ombori binosi, ko‘mirxona binolari quruvchi tashkilot tomonidan qo‘shimcha ravishda bajarib berilgan.

«O‘tgan yilgi pandemiya sababli investitsiya dasturiga kiritilgan obektlarga ajratilgan mablag‘lardan kesilgan. Buyurtmachi tashkilot Maktabgacha ta'lim boshqarmasi huzuridagi Injiniring kompaniyasi tomonidan «Ishlar to‘xtab qolmasin, biz xarakat qilmoqdamiz, albatta ajratib beramiz», deyilganligi uchun qo‘rqmasdan ishonib qilganmiz. Hozirda harakatlar boshlangan ekan. Hujjatlar moliya vazirligiga kiritilibdi. Ularning gapi bo‘yicha joriy yilning ikkinchi choragida qo‘shimcha pul ajratilsa obektda yana sport maydonchasi, qorovulxona, bolalar uchun yana ikkita qo‘shimcha yozgi ayvon quriladi. Agar pul ajratilsa», deya fikr bildirdi korxona rahbari O.Jo‘rayev. 

Quruvchi tashkilot rahbari bilan suhbatlashib bo‘lgunimizdan so‘ng, Dang‘ara tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Gulchehraxon Rahmonovaning o‘zi kelib qoldi.

Suhbatdoshimiz o‘tkan yilgi pandemiya sabab qurilishga ajratilgan mablag‘larning bir qismi hukumat qarori bilan boshqa maqsadlarga sarflanganligi uchun, qurilish ishlari biroz to‘xtab turganligini ma'lum qildi. Biz mudiradan bog‘chaning ochilish marosimini tobora ortga surilayotganligiga asosiy sabab nimada degan savolimizga «transformator o‘rnatish ishlarida», degan javobni oldik.

Ta'kidlanishicha, hozirda sektor rahbarining tashabbusi bilan bog‘chaga yangi transformator punkti qurilmoqda. Transformator olib kelingan. 10 kun ichida transformator ham o‘rnatiladi.

«Bizda bu bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bog‘chaning barcha oshhona jihozlari elektr energiyasiga bog‘langan. Shuning uchun ko‘p narsa transformatorga qarab turgandi», — deya ta'kidladi tuman MTB mudirasi.

Gulchehra Raxmonova so‘zi yakunida Eski Shildir qishlog‘idagi 13-DMTMning ochilish marosimi 2021 yilning 1 may sanasiga rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Biroq, murojaatchilar bilan xabarlashganimizda, Eski Shildirdagi 13-bog‘cha 3 may kuni ham ochilmaganligi ta'kidlashdi.

To‘g‘risi, maktabgacha ta'lim muassasasi hududidan qaytar ekanmiz, qishloqdagi ota-onalarga havasimiz keldi. Ularning farzanjlari endi zamonaviy va barcha qulayliklarga ega maskanda tarbiyalanadi. Faqatgina u tezroq ochilib, foydalanishga topshirilsa bas.

Aholi har oyning birinchi va o‘n beshinchi sanalarini intiqlik bilan kutadi. Chunki, rahbarlar odamlarni yangi oyning birinchi yoki o‘n beshinchi sanasiga ochilish qilishlarini aytib, anchadan buyon va'da berib kelishadi. O‘ylaymizki, mas'ullar bu gal kameraga rost gapirishdi. Kun.uz albatta bog‘chaning ochilish marosimidan reportaj qiladi.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi Shohuyor Qayumov

Mavzuga oid