Jamiyat | 11:50 / 12.08.2021
9466
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Raqamli transformatsiyani tezlashtirish – raqamli iqtisodiyot uchun eng asosiy qadriyatdir

Raqamli texnologiyalar sharofati bilan insoniyat to‘rtinchi sanoat inqilobi davriga qadam qo‘ydi. Sun'iy intellekt, jihozlar interneti, 5G va bio-muhandislik odamlarning kundalik hayotiga tobora ko‘proq kirib bormoqda. Bu global makroiqtisodiy tendensiyalarning shakllanishiga olib kelmoqda va yangi keng ko‘lamli o‘zgarishlarni keltirib chiqarmoqda. Raqamli texnologiyalar jamiyatning barqaror rivojlanishining bir qismi va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yangi omilga aylanib bormoqda. Ko‘rib turibmizki, aqlli shaharlarning yaratilishi va sanoatning raqamli transformatsiyasi iste'molchilar tajribasini sezilarli darajada yaxshilaydi, yangi mahsulot va xizmatlarni yaratadi, ijtimoiy taraqqiyot va rivojlanishga hissa qo‘shadi.

Ilya Levchuk, Huawei Yevroosiyo strategik marketing departamenti direktorining o‘rinbosari

COVID-19 jahon iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi: jismoniy shaxslar, uy xo‘jaliklari va tashkilotlar uchun mo‘ljallangan raqamli ilovalar jamiyatning deyarli barcha jabhalariga, xususan muloqot, xarid qilish, ish, ta'lim va ko‘ngilochar sohalariga chuqur kirib bordi. Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar pandemiyaga qarshi kurashishda va o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta'minlashda megapolislarga yordam berdi. Raqamli xizmatlar yuqori tezlikdagi internetga (5G va optika) ulangan holda tibbiy yordam ko‘rsatish, masofadan turib tibbiy maslahatlar berish, hukumatlar va kompaniyalarni ish faoliyatiga yangicha formatda qaytarish va shu kabi bir qator ssenariylarni qo‘llab-quvvatlash bilan “yangi odatiy hol”ga aylandi. Bu hukumatlar va tashkilotlarning sanoatni raqamlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar tuzish zarurligini anglab yetishlariga olib keldi.

Texnologiyalar yordamida COVID-19'ga qarsi kurash: ogohlantirish va nazorat qilish tizimlari yordamida shahar xavfsizligini yaxshilash, raqamli xizmatlarni “yangi odatiy hol”ga aylantirish

Xalqaro valuta jamg‘armasining so‘nggi prognoziga ko‘ra, tez orada jahon iqtisodiyoti pandemiyadan keyin tiklana boshlaydi. Global YaIM 2021 yilda 6% ga o‘sishi, mintaqalardagi o‘sish esa: Osiyoda 8,6%, AQShda 6,4%, Lotin Amerikasi va Karib havzasida 4,6%, Yevropa mamlakatlarida 4,4% va Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida 3,7% ni tashkil etishi kutilmoqda.

Iqtisodchilar iqtisodiyotni tiklashning turli modellarini, jumladan, V, U va K shaklidagi modellarni ilgari surdilar. Agar pandemiya samarali nazorat qilinsa, jahon iqtisodiyoti jadvalda V-shaklini yaratgan holda keskin pasayishdan tezda tiklanishi mumkin. Boshqa rivojlanish ssenariysida tushish uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin, bu esa retsessiyaga olib keladi va undan so‘ng iqtisodiyot tezda qayta tiklanadi. Shunga o‘xshash qayta tiklanish mutaxassislar tomonidan «U» harfi shaklida taqdim etilgan.

Shu bilan birga, ba'zi iqtisodchilar, eng yomon vaziyatda, «K» shakli paydo bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishadi, bunda iqtisodiyotning holati turli mintaqalarda bir-biridan keskin farq qiladi. Barcha mamlakatlar pandemiyaga qarshi samarali kurash olib borishi hamda normal iste'mol va ishlab chiqarishni iloji boricha tezroq tiklashi kerak. Bu jahon iqtisodiyotiga «K» shaklidagi modeldan qochish va sog‘lom iqtisodiy o‘sishni ta'minlash imkonini beradi.

Raqamlashtirish mamlakatlarga BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) tezroq erishishiga yordam beradi. Bu maqsadlar qashshoqlikni yo‘q qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, salomatlikni mustahkamlash va butun dunyoda ijtimoiy farovonlik va taraqqiyotni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, suv tanqisligi va ifloslanishi kabi ekologik muammolarning dolzarbligi yildan yilga ortib bormoqda. Ijtimoiy muammolar ham keskinlashmoqda – odamlarni kambag‘allik, iqtisodiy tengsizlik va huquqlarining cheklanishi tashvishga solmoqda. Insoniyat ta'lim olish imkoniyatlari, oziq-ovqat, energiya va shu kabilarning yetarliligi haqida ko‘proq qayg‘urmoqda. Butun dunyo bo‘ylab pandemiyaning tez tarqalishi bilan sog‘liqni saqlash va tibbiy yordamdan foydalanish muammolarining dolzarbligi oshib bormoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtiradi. Samarali va qulay AKT infratuzilmasi va xizmatlari mamlakatlarga raqamli transformatsiyani amalga oshirishga va iqtisodiyotining umumiy raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. AKT ta'lim, sog‘liqni saqlash, biznes va boshqarish kabi sohalarda yangi, yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlar uchun mustahkam asosni ta'minlaydi. AKT qashshoqlik va ochlik bilan kurashishga, sog‘liqni yaxshilashga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, iqlim o‘zgarishini yumshatishga, energiya samaradorligini oshirishga hamda shahar va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta'minlashga yordam berishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, texnologiyalarga asoslangan raqamli iqtisodiyot ijtimoiy barqarorlikni samarali oshirishi va iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy integratsiya va ekologik toza muhit uchun yangi qadriyatlarni yaratishi mumkin. Kelgusi maqolalarda biz qanday yo‘nalishlar, elementlar va amaliy namunalar raqamli iqtisodiyotning kuchayishiga yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid