Iqtisodiyot | 17:10 / 06.03.2020
75144
19 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yer islohoti - qishloqlarimizda million tadbirkor paydo bo‘lishi mumkinmi?

Qishloq xo‘jaligida davlat rejasidan voz kechish - dadil qadam, ammo bu - masalaning yarmi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda qolgan yarmi nima? Yer islohoti kutilgan natija berishi uchun yana nimalar qilish kerak? Keling, shu haqida so‘z yuritamiz.

Foto: KUN.UZ

Nihoyat, yuz berdi! Yer kurrasi quruqligining oltidan bir qismida o‘tkazilgan, moddiy va nomoddiy boyliklarning deyarli barchasini qamrab olgan, 100 yil davom etgan tajriba yakuniga yetib, mana endi O‘zbekistonda ham uning oxirgi meroslaridan biri bo‘lmish davlat rejasi bilan yuritiladigan qishloq xo‘jaligi o‘tmishda qolyapti — O‘zbekiston hukumati bozor tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydigan, ammo hanuz saqlanib kelayotgan holatga barham berishga qaror qildi. Prezidentning siyosiy irodasi aniq yangradi — biz bu eskilik sarqitidan voz kechamiz.

«Islohot — nima u?»

«Islohot» — oddiy tushuncha emas. Hamma gap uning asosiy maqsadiga, islohotchining nimani ko‘zlayotganiga bog‘liq. Agar islohot natijasi o‘laroq ko‘zga faqat xayoliy megaindustriya manzaralari va kelajak megapolislarining sharpasi tashlanaversa, unda «mayda» narsa — Insonni nazardan qochirib qo‘yish mumkin. Aslida, o‘zgacha kelajakni aynan inson o‘z qo‘llari bilan barpo qiladi. Agar islohotda bu hisobga olinmasa, u xayolot mahsulidan boshqa narsa emas.

Bu alfozda islohotning asosiy sharti — insonlarni katta ishlarga ruhlantirish omili bir chetda qolib ketadi.

Adolatga bo‘lgan ishonchni tiriltirish

Agarda biz o‘zbek qishloqlarini charog‘on va farovon maskanlarga aylantirmoqchi bo‘lsak, unda avvalo qishloq ahlining qalbida adolatga bo‘lgan ishonchni jonlantirishimiz lozim bo‘ladi. Chunki aynan adolatga ishonch — odamlarda kelajakka nisbatan umid uyg‘otadi, o‘zaro ishonch va bunyodkorlik, hamkorlik muhitini yuzaga keltiradi.

Tasavvur eting-a, sizga muttasil adolatsizlik qilinmoqda, bu holda qalbingizda shijoat barq uradimi? O‘zbek qishlog‘i hozir aynan shunday holatda — bir paytlar uning moddiy va qaysidir jihatdan hatto ma'naviy tayanchi bo‘lmish narsasi — yerini tortib olishgan edi.

«Sekin ishga tushuvchi mina»

O‘zbek qishloqlari — muhiti, tartib-negizi o‘zgacha bo‘lgan, shaharlardan farq qiladigan maskan. Bir necha tafsilotlar borki, ular yer islohoti amalga oshirilayotganda hisobga olinmasa, qishloqlardagi vaziyat ma'nan og‘ir ahvolga kelib qoladi.

Xo‘sh, bular qanday tafsilotlar?

Yerlarimiz ommaviy mulkka aylanganiga 100 yil bo‘ldi — o‘zbek dehqoni yer unga erkin foydalanish uchun berilishini bir asr kutdi. Shuning uchun endigi islohotdan keyin yerlar kam sonli «tanlangan» odamlarga tegsa, shu yerda ishlashni istaydigan ko‘pchilik yana «quruq qolsa» — adolatsizlik yuz beradi. Zero, qishloq ahli aslo o‘sha kam sonli kishilar — amaldagi fermerlarni yerlarning asl egasi deb qaramaydi va islohot natijasida undaylarning yuzlab gektar maydonlarning erkin foydalanuvchisiga aylanib qolishini adolatsizlik o‘laroq qabul qiladi. Davlat rejasi amalda bo‘lgan vaqtlarda ma'naviy muammo yo‘q edi, «fermerlar mahsulotni davlatga topshirishadi», degan tuyg‘u g‘olib edi. Ammo davlat rejasi bekor qilingandan so‘ng holat o‘zgaradi — «ijtimoiy adolat qaror topmadi», degan fikr g‘olib keladi.

«Boy-kambag‘al»

Bizning o‘ziga xosliklarimizdan biri — ishchi o‘z haq-huquqlarini ish beruvchi oldida himoya qilish uchun mutlaqo dastak va ko‘nikmaga ega emasligi. Boz ustiga, so‘z qishloq haqida ketayotganini, yana bizda shakllangan boylarning kambag‘allarga munosabatini hisobga olsak, faqat «tanlangan»larga erkin foydalanish uchun 100 gektarlab yer berishni ko‘zda tutadigan islohot natijasida qishloqlarda og‘ir ma'naviy-psixologik muhit yuzaga kelishi ayon bo‘ladi.

Bir kishiga — 100 gektar yer, atrofdagi yuzlab oilalarga esa — hech nima, bu, davlat rejasi bekor bo‘lgan holatda oilalarning «boy-kambag‘al»ga ajralishiga sabab bo‘ladi. Bu ayniqsa, aholisi zichroq hamda azaldan dehqonchilik madaniyati shakllangan hududlar uchun o‘ta sezilarlidir. Gap shundaki, bunday hududlarda ko‘plab oilalar erkin foydalanadigan yerlari bo‘lishini, hayotlarini yer bilan bog‘lashni istashadi. Bu jihat bilan biz ko‘plab boshqa — xalqi yerda ishlash istagi past bo‘lgan mamlakatlardan farqlanamiz.

Xullas, qishloq ahlining aksari qo‘qqisdan salkam yer egasiga aylanib qoladigan, yerni o‘zlaridan ko‘ra yaxshi tushunmaydigan ba'zi hamqishloqlarining «batrak»lariga aylanishni istashmaydi.

«Hayotiy haqiqat»

Yana bir hayotiy haqiqat shuki, hozirgi fermerlar qishloq ahlining hurmatiga ega emas. Nega? Chunki ko‘p yillab davom etgan ma'nan og‘ir vaziyatni (xususan, rahbarlardan so‘kish eshitishni) hamma ham ko‘tarolmadi — o‘zini hurmat qilganlarning aksari fermerlikni topshirdi. Qolganlar esa — yoki axloqsizliklarni «ko‘targan»lar yoki hokim bilan «yaxshi munosabat»da bo‘lganlar. «Yaxshi munosabat» esa korrupsion yo‘llar bilan shakllanar edi. Ishlar asosan shu ko‘rinishda edi va bularning barchasi xalqning ko‘z o‘ngida ro‘y berib keldi.

«Nima qilish kerak?»

Qishloqlarda, ayniqsa aholisi zich bo‘lgan hududlarda, ko‘plab oilalar, aytaylik, 3–5 gektar atrofidagi yerni erkin istifoda etish huquqini olishlari uchun imkon yaratish kerak. Bu huquqni olish tanlov shaklida yuz beradimi yoxud auksion shaklida — nima bo‘lganda ham o‘sha yerlarga yaqin aholida ustuvorlik huquqi mavjud bo‘lishi kerak.

«Tortib olish va bo‘lib berishmi?»

Ha, amaldagi fermerlar bilan tuzilgan shartnomalar kuchda va bu shartnomalarni hurmat qilish kerakdek.

Ammo:

a) aksar holatda bu fermerlarning o‘zlari boshqa fermerlarning yerlarini olib qo‘yilishi natijasida yerga ega bo‘lganlar (ya'ni shartnomalarning buzilishi natijasida);

b) fermerlarning o‘zlari ham vaziyat adolatsizlik ekanini biladilar;

v) shu tobda masalani huquqiy doirada hal qilish mumkin, zero, shartnomalarda fermer paxta va bug‘doy uchun ajratilgan yerlardan erkin foydalanish huquqiga ega emasligi yozilgan, ya'ni, mohiyatan olganda, yer uniki emas.

Demak, modomiki hukumat davlat rejasini bekor qilayotgan ekan, avval tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va pirovard natijada ko‘plab kichik yer xo‘jaliklarini yuzaga keltirish mumkin. Bunda amaldagi fermerlarga yerlarining bir qismini (deylik, 30 foizini) erkin foydalanish uchun (nima ekishni bu yog‘iga o‘zlari hal qilishadi) qoldirish mumkin.

Bu imkoniyatdan hozir foydalanish kerak, keyin qiyin bo‘ladi.

Buning asosiy foydasi nimada?

Avvalo, bu adolatdan bo‘ladi! «Adolat» so‘zi iqtisodiy lug‘atlarga kiritilmagan, ammo biz qishloqlarimizda ma'nan sog‘lom muhitni yaratishni istasak, bu juda muhim. Busiz rivojlanish mumkin emas.

Imkon qadar ko‘proq odamlar yerlarda «ega» maqomida ishlashi kerak — «ishchi» maqomida emas. Zero, millatga imkon qadar ko‘proq egalar sinfi kerak, yollanma ishchilar sinfi emas. Boylarga ta'zim qiladigan va bolalarini shu yo‘sinda tarbiyalaydigan sinf emas, balki tik va mag‘rur turadigan ongli tadbirkorlar sinfi kerak. Bizda hozir bu imkoniyat bor.

O‘zbekiston sharoitida kichik xo‘jaliklarning afzalliklari

Mamlakatning aholisi zich bo‘lgan hududlarida kichik yer maydonlarini istifoda etuvchi tadbirkorlar sinfini yuzaga keltirish qishloqlarda yashovchi minglab, o‘zlarida tadbirkorlik iste'dodini olib yurgan, ammo ro‘yobga chiqarolmagan yoshlarning iste'dodlarini yuzaga chiqarish imkonini beradi.

Biz iste'dodlari yuzaga chiqmagan xalqlar ichida yuqori o‘rinlarda bo‘lsak, ne ajab... Iste'dodlar ro‘yobga chiqmagan, chunki tadbirkorlik qilish uchun vositalar qo‘llarga berilmagan. Yer esa hozirgi davrda shunchaki, ta'bir joiz bo‘lsa, kartoshka yetishtiradigan maydon emas, balki turli biznes-g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish uchun omildir.

Inson iqtidorini yuzaga chiqarish

Inson iqtidori ro‘yobga chiqishi uchun sharoit yaratish — har jihatdan ahamiyatliroq, olijanobroq va mahsuldorroq ish. Bu, masalan, yerlarni mukammal istifoda etish masalasidan-da muhimroq. Mayli, yer istifodasi avvalida mukammaldan pastroq bo‘lsin ham, maydonlarni parchalash bilan bog‘liq mushkulotlarni yengish, kichik yer xo‘jaliklari uchun maslahat markazlari yaratish bilan bog‘liq xarajatlar qilish lozim bo‘lsin ham, ammo odamlarni ijtimoiy-iqtisodiy faollikka jalb etish natijasida mamlakat kelajagi mustahkam poydevorga ega bo‘ladi.

Millatning asosiy zaxirasi — tabiiy boyliklar emas, balki iste'dodli, ongli, tadbirkor insonlar. Bunday insonlar har qanday xalqda bor, bizning xalq esa — istisno emas. Shu tobda biz to‘g‘ri rejalashtirilgan yer islohoti vositasida xalq ichida mudrab yotgan minglab iste'dodlarning ro‘yobga chiqishi uchun omil yaratmasak — tarixiy xato bo‘ladi. Zero, bunda biz qishloqlarimizda o‘rta sinfni yuzaga keltirishni boshlash o‘rniga, ularni ma'nan og‘ir muhitga, ijtimoiy taranglik o‘chog‘iga aylantirgan bo‘lamiz.

Koronavirus va yer islohoti

Koronavirus va O‘zbekistonning yer islohoti o‘rtasida aloqa bormi? Topsa bo‘lar ekan.

Hozirgi dunyo — katta tezlikda o‘zgarib borayotgan dunyo. Gap shundaki, davr chaqiriqlariga nafaqat javob berish, balki ularni biroz bo‘lsa-da bashorat qilish mushkul bo‘lmoqda. Biz tom ma'noda ertaga dunyo qay ko‘rinish olishini bilmaymiz — na iqtisodiy, na ijtimoiy, na industrial, na siyosiy jihatdan. Muhim geografik nuqtada, katta siyosiy manfaatlar kesishuvi nuqtasida joylashganimiz bois, ertaga hozirgidan ko‘ra jiddiyroq masalalarni hal qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin emas, deb aytib ham bo‘lmaydi...

100 yil avval xalqimiz duchor bo‘lgan holatga yana bir bor tushmasligimiz uchun, zudlik bilan yangi avlodni — ongli, yaqin kelajakda davr chaqiriqlariga dadil javob bera oladigan bir avlodni yuzaga keltirishga kirishishimiz kerak.

Ongli avlod esa yuqori ehtimol ila ongli, serg‘ayrat, tadbirkor ota-onalardan iborat oilalarda yetishib chiqadi. Va aksincha — zamonaviy dunyoning tamoyillari va mexanizmlarini tushunishga qodir bo‘lgan avlod qora ishchilar — «batrak»lar oilasida vujudga kelishi — amri mahol.

«Oyoqqa turmoq uchun»

Biz — hozirgi avlod buyuk bo‘lolmasak-da, haqiqiy, yaxshi ma'noda kurashchi millat yuzaga kelishi uchun sharoit yaratishga qodirmiz.

Yer islohotiga ikki xil nazar tashlash mumkin. Qanday nazar tashlashimiz esa nimani ustuvor deb bilishimiz yoxud... stereotiplarimizga bog‘liq: yoki biz yuqori texnologik agrar xo‘jaliklari haqidagi jurnallarda chop qilinadigan chiroyli suratlarni islohot maqsadi qilib olamiz, yo o‘zimizdagi sharoitga nazar solamiz va hozirda o‘zga iqtisodiyotlarga arzon ishchi kuchi sifatida xizmat qilayotgan yoshlarga asosiy nazarni qaratamiz.

Davr chaqiriqlariga javob berishga faqatgina hushyor, dunyoda bo‘layotgan ishlarni kuzatib, voqelik «tomirini ushlab turadigan» avlod qodir. Bunday avlodni esa «ijtimoiy issiqxona»da yashaydigan, maosh, ish soati va «payok» bilan ta'minlangan kishilardan iborat jamiyat emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy xatarlarlarni o‘z egniga oladigan, shu bois o‘z shaxsi va dunyoqarashini doimiy sayqallab turadigan kishilardan iborat faol jamiyat qodir.

«Ko‘chada qolgan» genofond

Keyin. Qishloqlarimizda hozirda bir necha million rasman to‘liq, amalda esa to‘liqsiz oilalar bor. Otalar chet elda — ishda, Vatanda esa — otasizlik. Millionlab onalar farzandlarini o‘zlari yolg‘iz tarbiyalashyapti. Ota tarbiyasi nima ekanini bilmaydigan, «tarbiyachi»si ko‘cha bo‘lgan bir avlod yetishib kelyapti. Va bu harbiy holatda emas — tinchlik davrida...

Millionlab otalar «qora ishchi», «gastarbayter» maqomini ko‘tarib yurishibdi. Bu degani o‘zini qora ishchi bolasi deb biladigan, ruhi siniq millionlab bolalar o‘sib kelyapti, deganidir.

Bundan tashqari, mazkur yoshlar millat genofondining, ya'ni hali tug‘ilmagan millatning ota-onalaridir. Ba'zi tadqiqotlarga qaraganda, ota-onaning ruhiy holati yangi avlodga tug‘ilishidan ancha avval ta'sir etar ekan. Ya'ni yoshlarni — kelajak avlod ota-onasini ruhiy tushkunlik holatida qoldirish bu — keyingi avlodni og‘ir psixoemotsional komplekslarga mubtalo qilish bo‘lar ekan.

To‘g‘ri amalga oshirilgan yer islohoti bu holatni tuzatish uchun imkoniyatdir. Bu uchun esa e'tibor markazida INSON turishi kerak.

«Kambag‘allik bilan kurashish»

Kambag‘allik muammosini hal qilish uchun avvalo «kambag‘allik bilan kurashish» atamasidan voz kechish kerak. Nega? Chunki bu bilan biz insonlarga nisbatan munosabatimizni o‘zgartiramiz: «mana bular kambag‘al, ularni ish joyi va boshqa narsalar bilan ta'minlashimiz kerak», degan tushunchadan nari bo‘lamiz. Chunki bunday munosabatda insonlarga nisbatan hurmatsizlik yashiringan. Bundan mutlaqo voz kechish kerak.

«Ta'minlash» emas, balki imkoniyatlarga, tadbirkor bo‘lish uchun kerak bo‘lgan vositalarga yo‘l ochish kerak. Va, albatta, odamlarimiz ko‘p narsaga qodir ekaniga ishonish kerak. Chunki, bunday ishonch bo‘lmasa, kechirasiz-u, «yordam berish» asnosida xalaqit qilishdan o‘zimizni tiya olmaymiz...

Keyin, «kambag‘allik bilan kurashish» tushunchasi kambag‘allik sabablarini tahlil qilishdan bizni to‘sib turadi (go‘yo bu illat o‘z-o‘zidan mavjud bo‘lgan narsadek) kambag‘allik sabablarini tahlil qilmasdan «yechim»larga o‘tib ketishga olib boradi. Bu atamaning o‘rniga «kambag‘allik sabablarini bartaraf etish» atamasini kiritishni taklif etaman. Shunda biz kambag‘allik sabablarini o‘rganishga majbur bo‘lamiz. Va shunda yer islohoti qay ko‘rinish olishini tushunib yetamiz...

Individual yondashuv

Aholisi zich bo‘lmagan hududlarda katta agrar xo‘jaliklar yuzaga kelishi uchun sharoit yaratishga hech qanday to‘siq yo‘q. Zero, bunday hududlarda vaziyat boshqacha. Bunday hududlarda yerlarni bemalol yirik agroholdinglar jamlanmasiga aylantirish mumkin. Bunday hududlar O‘zbekistonda ko‘p.

Suv muammosi

Yer haqida so‘z ketganda albatta suv haqida gapiriladi. Achinarlisi shuki, bizning holat tilga olinganda «suvga talashish» iborasi ko‘p ishlatiladi. Bir paytlar aynan shu tushuncha — «odamlarga yer berilsa suvga talashib ketishadi», tushunchasi g‘olib kelib, yerlarni qishloq ahliga erkin istifoda uchun berishdan chetlanilgandek go‘yo.

Biroq bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keldi? Shu hadikni deb mamlakat qishloq xo‘jaligini sobiq tuzumdan qolgan tizimga tobe qilib, qishloq hududlaridagi millionlab odamlarni mehnat migratsiyasiga, tubsiz muammolar girdobiga mubtalo qilish to‘g‘rimidi?

Aslida suv muammosi yechimi ham maqolamiz doirasida mulohaza qilinayotgan yechimda — yerning har bir qarichini qadrlaydigan erkin tadbirkor-dehqonlar sinfini yuzaga keltirishda. Aynan shunday — tadbirkor dehqon yerni ham, suvni ham e'zoz etadi. Aynan shu toifa moddiy manfaati yo‘lida sug‘orishning tejamkor tizimlarini yo‘lga qo‘yishga urinadi, tejamkor tizim yer sifatini oshirishini anglaydi, yer unga faqat bugun emas — ertaga ham kerak bo‘lishini biladi. Zero, yerni o‘z taqdiri bilan bog‘laydi.

Maydonlarni parchalash

Katta yer maydonlarini kichik maydonlarga bo‘lishning salbiy taraflari bor, ammo bu ham fojia emas. Zero, kichik yer maydonlarini istifoda etish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkor dehqonlar tez orada o‘zaro hamkorlik qilish ularning o‘zlariga foyda ekanini tashunib yetishadi va bu — tabiiy jarayon. O‘zaro qo‘shni dehqonlar nima ekishni birgalikda hal qilishlari, manfaat nuqtayi nazaridan kuchlarni birlashtirishlari yuz beradi. Birgalikda xaridorlar bilan shartnomalar tuzishadi.

Xalqimizni hamkorlikda ishlash ko‘nikmasidan judo qilishgandi. Endi buni to‘g‘rilash kerak. Bu qiyin, ammo busiz rivojlanish bo‘lmaydi.

Medvedev va Berluskoni muloqoti

Bir paytlar Dmitriy Medvedev, Rossiya prezidenti bo‘lgan chog‘ida, Italiya bosh vaziri Silvio Berluskonining oldida Rossiya qazilma zaxiralariga boy davlat ekani bilan maqtanadi. Shunda Berluskoni «Italiya qazilma boyliklariga boy emas, ammo 5 million iste'dodli tadbirkorga ega», deb javob berdi...

Biz ham, bor imkoniyatni ishga solib, tadbirkorlar sinfini yuzaga keltirishimiz kerak. Jumladan, yer islohoti vositasida.

Shokir ShARIPOV

Mavzuga oid