O‘zbekiston | 13:54 / 06.12.2024
8846
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Xo‘jakentga yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining o‘tgan yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi

Poyezdlar parki ham kengaytirilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashishda aholi va turistlarga qulayliklar oshirilmoqda. Yangi poyezdlar olib kelindi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarga “Afrosiyob” elektropoyezdlarining qatnovlari ko‘paytirildi. 

O‘tgan davrda 3 ming kilometrdan ziyod temiryo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch – Xiva temiryo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib,  poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

Endi “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlat rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.

Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Safar chog‘ida davlat rahbari temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temiryo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.

Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temiryo‘lga tutash maydonlarni 2025 yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi. 

"Yashil makon" loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temiryo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid