O‘zbekiston | 21:10 / 09.01.2021
37340
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi tartib bo‘yicha talabalar qancha miqdorda stipendiya oladi?

Davlat grantida o‘qiydigan talabalarning bazaviy stipendiyasi 10 foizga oshirilib, 42 ming 800 so‘m qo‘shiladi, ya'ni 470 ming 800 so‘m etib belgilanadi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

2021 yil 1 fevraldan boshlab, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshirilishi xabar qilingandi. Qonunchilikka muvofiq, to‘lov-kontrakt narxlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorlariga bog‘langan va ish haqlari oshirilganida kontrakt miqdorlari ham ko‘tarilishi kerak edi.

Ammo pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi davlat oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarga yengillik yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy o‘quv yilida amaldagi to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz saqlab qolindi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarning stipendiyalari miqdorida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini hisobladi.

Unga ko‘ra, davlat grantida o‘qiydigan talabalarning bazaviy stipendiyasi 10 foizga oshirilib, 42 ming 800 so‘m qo‘shiladi, ya'ni 470 ming 800 so‘m etib belgilanadi (avval 428 ming so‘m edi).

Agar davlat grantida o‘qiydigan talaba semestr yakunida barcha fanlardan «a'lo» (5) baho (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) olsa, unda unga stipendiyaning bazaviy miqdori 20 foizga oshirilgan holda, ya'ni 564 ming 960 so‘m miqdorida stipendiya tayinlanadi (avval 513 ming 600 so‘m edi).

Stipendiyali to‘lov-kontraktni tanlagan talabalarning to‘lov-kontrakt miqdorlari esa avvalgidek saqlanib qoladi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, agar talaba stipendiyali kontraktni tanlagan bo‘lsa, unda har oylik bazaviy 428 ming so‘m stipendiyani hisobga olib, kontraktiga qo‘shimcha 5 mln 136 ming so‘m to‘lagan. Shuning hisobiga ular 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib 428 ming so‘m stipendiya oladi. Ya'ni o‘zi to‘lagan pulni o‘zi qaytarib oladi. Endi garchi 1 fevraldan stipendiyalarning bazaviy miqdori oshirilayotgan bo‘lsa-da, lekin mantiqan olganda stipendiyali to‘lov-kontraktni tanlagan talabalarning stipendiyasi oshirilmaydi. Chunki ular 428 ming so‘mga mo‘ljallab kontrakt puli to‘lagan. 

Bunday vaziyatda oshirilgan stipendiya olish uchun ular kontraktiga qo‘shimcha to‘lov qilishiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni fevraldan boshlab 7 oy uchun 42 ming 800 so‘mdan hisoblaganda jami 299 ming 600 so‘m qo‘shimcha to‘lov qilishi kerak. Ana shunda ular o‘quv yili oxirigacha oshirilgan stipendiya miqdorini — 470 ming 800 so‘mni olishi mumkin bo‘ladi.

Agar stipendiyali to‘lov-kontraktni tanlagan talaba semestrda barcha fanlarni “5” bahoga yopsa, unda bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foiz ustama oladi. Mana shu 20 foiz qo‘shimcha rag‘batlantirish 1 fevraldan oshiriladigan stipendiya miqdoridan hisoblanadi. Boshqacha aytganda, talaba sessiyani “5”ga yopsa, stipendiyasiga qo‘shimcha 94 ming 160 so‘m rag‘batlantirish oladi. Buning uchun hech qanday qo‘shimcha to‘lov qilish shart emas, faqat sessiyani "5" bahoga yopsa kifoya.

Yangi tartib bo‘yicha stipendiyasiz to‘lov-kontraktni tanlagan talabalarning to‘lov-kontrakt miqdorlari ham o‘zgarishsiz qoladi.

Unga ko‘ra, agar stipendiyasiz to‘lov-kontraktni tanlagan talaba semestrda barcha fanlarni “5” bahoga yopsa, unda 94 ming 160 so‘m (ilgari 85 ming 600 so‘m edi) stipendiya oladi. Demak, 10 foiz ko‘tariladi. Buning uchun esa u hech qanday qo‘shimcha to‘lov qilishi shart emas.

Qolgan hollarda stipendiyasiz kontraktni tanlaganlar uchun hech narsa o‘zgarmaydi, hozirgidek qoladi.

Kun.uz muxbirining Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, hozirda OTMda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 80 foiz talabalar stipendiyasiz to‘lov-kontrakt shaklida ta'lim oladi.

Mavzuga oid