O‘zbekiston | 22:33 / 05.11.2019
8526
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP O‘zbekistonni eng ko‘p sayyoh boradigan o‘nta davlat qatoriga kiritmoqchi

5 noyabr kuni Toshkentdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining IX s'yezdi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning o‘tgan 5 yillikdagi faoliyati sarhisobi, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan rejalar, bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ishlar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda partiya Siyosiy kengashi a'zolari, deputatlar va boshqa mehmonlar so‘zga chiqib, partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati va kelgusi rejalar borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitovga ko‘ra, partiya joriy yilning dekabrida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Aktam Hayitov

«Hozirda respublikaning barcha hududlarida yangi formatdagi targ‘ibot aksiyalari tashkil qilinyapti, shuningdek, partiya PR-kampaniya davomida o‘z g‘oya va maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanyapti. Partiya tashkilotlari xodimlari, faollarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tizimli ravishda o‘tkazilyapti. Partiyamiz jiddiy siyosiy imtihonga puxta hozirlik ko‘ryapti. Zero, bu yilgi saylovlar «Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida bo‘lib o‘tadi», deydi u.

Partiya lideri o‘z nutqida shuningdek, O‘zLiDePning kelgusidagi rejalariga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra,  

– 2020-2025 yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish (servis) iqtisodiyotini rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqish;

– O‘zbekistonni jozibali jahon turizmi markaziga aylantirish, mamlakatni dunyoning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan 10ta davlatlari qatoriga kiritish;

– qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash va jadal rivojlantirish orqali oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 2035 yilgacha 4 baravar oshirish;

– qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk huquq va kafolatlarining ishonchli himoyalanishini ta'minlash, tadbirkorlik rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni olib tashlash, «Biznesni yuritish», global raqobatbardoshlik, innovatsiyalar, sanoatning raqobatbardoshligi indekslari bo‘yicha dunyoning yetakchi 50ta mamlakati qatoridan O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashini ta'minlash hamda yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirishni partiya o‘z oldida turgan muhim vazifalar deb hisoblaydi.

S'yezdda partiya Siyosiy kengashining 85 kishidan iborat yangi tarkibi, shuningdek, Oliy Majlis deputatligiga 150 nafar nomzod tasdiqlandi.

Mavzuga oid