O‘zbekiston | 17:23 / 04.05.2020
50250
2 daqiqa o‘qiladi

Sartaroshxonalar, mehmonxonalar va taksilar. Andijonda bir qancha sohalar faoliyatiga ruxsat berildi

 Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 4 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda jami 3750ta sub'yekt faoliyatini tiklash zarurligi haqida ma'lum qildi.

«Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan, 4 may kunidan viloyatdagi 508ta transport uyushmalaridan 82tasidagi litsenziyaga ega bo‘lgan 4700dan ortiq yengil avtomobillarga kunlik sanitariya talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishga ruxsat berildi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

 Bundan tashqari, viloyatdagi sartaroshxona va go‘zallik salonlari sanitariya talablari asosida va oraliq masofani saqlagan holda, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda soliq idoralari xodimlari nazorati ostida faoliyatini davom ettiradi.

 Shuningdek, viloyat hududidagi 25ta mehmonxonaning har biriga sanitar vrachlarni jalb etgan holda xonalarni dezinfeksiya qilish va mehmonlarni kunlik tibbiy nazoratdan o‘tkazish orqali faoliyatini tiklashga ruxsat berilgan.

 «Biroq, pandemiya davrida kasallik tarqalishining oldini olishni to‘liq nazorat qilish imkoniyati yo‘q bo‘lgan jami 1096ta, shundan, 459ta umumiy ovqatlanish korxonalari (yetkazib berish xizmati asosida ishlash bundan mustasno), 115ta to‘yxona, jamoat transportlari (avtobus, mikroavtobus) mavjud bo‘lgan 426ta yirik transport uyushmalari, 24ta nodavlat-notijorat o‘quv markazlari, 72ta buyum bozorlari va savdo komplekslari faoliyati Respublika komissiyasi tomonidan alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar vaqtincha cheklab turiladi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid