1 iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi
«Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oyani ilgari surgan edi. Maqsad odamlarimizning og‘irini yengil qilish, har qanday qulayliklar yaratishdan iborat. Buning uchun, avvalo, rasmiy idoralarga u yoki bu yumush bilan murojaat qilgan aholining vaqti va mablag‘ini tejash, ayniqsa, sarson-sargardonlikka barham berish, qolaversa, korrupsiyani bartaraf etish maqsadlarida davlat xizmatlari ko‘rsatishning yaxlit, zamonaviy, ishonchli tizimini yaratishga kirishildi.
Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 12 dekabr kuni «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab Agentlik tasarrufidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Oddiy odamlar uchun qulay, ko‘rkam bo‘lgan 80dan ortiq innovatsion binolar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelayotgan bo‘lsa, bugungi kunda yana 94ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, olis joylarga chiqish orqali («mobil davlat xizmatlari») qulay va shaffof tarzda sayyor xizmatlar ham ko‘rsatilyapti. Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali «yagona darcha» tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017 yilda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 13 milliontadan oshgan. Eng ko‘p murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar bo‘yicha hujjatlar soni 112tadan 52taga kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirildi.
Masalan, ilgari haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun pasport, tibbiy ma'lumotnoma, imtihon varaqasi, eski guvohnoma, rasm va eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida to‘lov talab qilingan. Endilikda esa faqat uchta narsa: eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni, bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi hajmida to‘lov kerak, xolos.
O‘tgan yil 1 iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qat'i nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu odamlarga juda katta qulaylik yaratib, sarsongarchilikdan xalos etdi. Masalan, Toshkentdagi universitetga Nukusdan kelib hujjat topshirish uchun kamida 2 million so‘m xarajat qilingan bo‘lsa, hozirda istalgan markazga murojaat qilish kifoya. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, 94ta yangi markaz barpo etilishini aksar hollarda xususiy sektor bilan sheriklikda amalga oshirish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbari bu dastlabki qadamlar ekani, aholiga qulayliklarni yanada ko‘paytirish zarurligini ta'kidladi.
Avvalo, «yagona darcha» tamoyili to‘liq ishlashi uchun barcha davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi va ma'lumotlar raqamlashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirgi kunda davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80ta idoradan atigi 27tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan o‘zaro integratsiya qilingan. 53 idorada ma'lumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sog‘liqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bog‘liq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron ma'lumot bazasi shakllanmagan.
Shunday ma'lumot almashinuvi yo‘qligi sababli 2019 yilda qurilish, tabiiy gaz, issiq suv va ichimlik suvi ta'minoti borasida xizmat ko‘rsatish muddatlari buzilgan.
Shu bois yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq axborot tizimlari va ma'lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025 yilgacha to‘liq elektron xizmat ko‘rsatishga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi.
Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Xorijiy tajribani qo‘llagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qo‘shimcha kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi.
Misol uchun, farzand tug‘ilishi bilan unga tug‘ilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga ro‘yxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qo‘yish, bolalar bog‘chasiga navbat kabi xizmatlar biryo‘la taqdim etilsa, ota-onalarga g‘oyat qulay bo‘ladi.
Yig‘ilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi.
Prezident ko‘plab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng og‘riqli nuqtasi ekanini ta'kidladi.
Elektron raqamli imzodan kompyuter orqaligina foydalanish mumkin. Tadbirkor ro‘yxatdan o‘tish uchun soliq idorasi kaliti, bojxona hujjatlari uchun bojxona kaliti va hisob raqami bilan ishlash uchun bankning elektron raqamli imzosini olishi shart. Bu kalitlarni olish uchun har bir idoraga alohida-alohida borib, uni xarid qilishi, tag‘in muayyan muddatda yana mablag‘ sarflab yangilashi kerak.
Prezident tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shu yil 1 iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mavzuga oid
19:45 / 06.02.2024
Elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi
19:10 / 22.01.2024
Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi
19:05 / 22.01.2024
«Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» tashkil etiladi
09:47 / 19.01.2024