O‘zbekiston | 21:47 / 03.05.2020
69731
2 daqiqa o‘qiladi

«Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z xulosasini beradi» – Prezident Sardoba voqeasi chuqur tahlil qilinishini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Sirdaryoda suv toshqinidan keyin uyiga qaytgan odamlar bilan muloqotda bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

«O‘zbekiston» telekanalida namoyish etilgan lavhada davlat rahbari voqea batafsil tahlil etilishini aytganini ko‘rish mumkin.

«Bir necha kundan beri hammamiz bezovtalikka tushib qoldik. Boshimizga katta kulfat keldi. Albatta, buni hali ko‘p-ko‘p tahlil qilamiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z gaplarini aytadi, hamma chora-tadbirlarimizni qilamiz», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

1 may tongida «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan avariya yuzasidan jinoyat ishi ochilgani haqida 3 may kuni ma'lum qilindi. Jinoiy ish yuzasidan tergov o‘tkazish DXX organlariga yuklatilgan.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralarni uch kundan buyon bevosita voqea joyidan nazorat qilayotgan davlat rahbari aholiga tez orada zarur sharoitlar yaratilishini ta'kidlagan.

«To yashash sharoitlaringni to‘g‘rilamagunimizcha, sizlarni tashlab ketmaymiz. Svet, gaz masalalari, uylaring, ko‘chalar – hammasini inobatga olamiz.

Kayfiyatlaringni tushirmanglar. Endi, ko‘rgilik. Tashvish o‘z yo‘liga, endi aql bilan, juda tezkorlik bilan buni tozalab olishimiz kerak.

2-3 kundan beri shu yerdaman. Bir narsani bilinglarki, to o‘zim sizlarning xonadonlaringni tiklab, ko‘plaringni yangi uyga ko‘chirmagunimizcha tinchimayman.

Og‘ir kunimizda ham, Xudo xohlasa to‘ylarimizda ham birga bo‘lamiz. Bir yomonlikning bir yaxshiligi ham bor. Yaxshi tomoni – yangi shahar, yangi tuman, yangi ko‘cha, yangi mahalla, yangi obod qishloq quramiz», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid