Jahon | 09:39 / 22.12.2020
4535
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Amazon ishchilari ish tashlash e'lon qilishdi 

Foto: hightech.fm

Dunyoning eng boy odami Jyeff Bezosga tegishli Amazon kompaniyasining Germaniyadagi ishchilari mehnat sharoitlaridan norozilik sifatida ish tashlash o‘tkazishmoqda.    

Verdi kasaba uyushmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 21 dekabrda boshlangan ish tashlash 24 dekabrgacha davom etishi va unda 1,7 ming kishi ishtirok etishi kutilmoqda.   

“Xodimlar korporatsiya milliardlab foyda olayotgani, biroq ishchilarga jamoaviy shartnoma shartlari bo‘yicha haq to‘lashdan bosh tortayotganiga qarshi norozilik bildirishmoqda”, deb aytilgan kasaba uyushma xabarida. 

Ta'kidlanishicha, kompaniya xodimlari katta zo‘riqish bilan ishlashmoqda, bu esa pandemiya sharoitida ularning sog‘lig‘iga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Shu sababli xodimlar maoshlari oshirilishini talab qilishmoqda.     

O‘z navbatida Amazon vakillarining ta'kidlashicha, xodimlar munosib maosh olmoqda.

Ta'kidlanishicha, 5 yil avval Amazon omborlarida joriy qilingan robotlar xodimlar mehnatini osonlashtirmay, aksincha qiyinlashtirgan, endilikda ular 4 marta tezroq ishlashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, omborlarning robotlashtirilishi xodimlar orasida jarohat olishlar sonining rekord darajaga yetishiga olib kelgan. 

Mavzuga oid