O‘zbekiston | 14:40 / 02.11.2017
52985
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda O‘zbekistonning 16 fuqarosi qullikdan ozod etildi

Foto: AFP

Qozog‘istonning Kostanay shahridagi maxsus amaliyot vaqtida 16 nafar o‘zbekistonlik qullikdan ozod etildi, deb xabar bermoqda Sputnik Qozog‘iston. Ularning orasida yosh bolali ayol ham bor.

Odamlar Kostanaydagi tegirmon komplekslaridan birida bo‘lishgan. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, yonlarida hujjatlari bo‘lmagan. Ish beruvchi pasportlarni maxsus seyfda saqlagan. Bu haqda «Qozog‘iston jinsiy va reproduktiv salomatlik bo‘yicha assotsiatsiyasi»ning Kostanay filiali xodimi Aleksandr Kosyuk aytib o‘tgan.

Politsiya hammasi bo‘lib 18 nafar xorijlik ishchini topgan. Biroq, ikki kishi ish beruvchiga qarshi da'vo arizasi bilan chiqishdan bosh tortdi. Dastlabki tergov boshlangan.

Aleksandr Kosyuk shuningdek, barcha ishchilar, jumladan, ayol va yosh bola ham jamoatchilik tashkiloti tomonidan ijaraga olingan xonadonga joylashtirilganini aytdi.

Kostanay viloyati Ichki ishlar departamenti vaziyatni izohlamagan. Biroq, avvalroq, departamentda joriy yilda mehnat migrantlari sonining o‘sishi qayd etilganini xabar qilishgan. Mutaxassislar buni, xususan, mintaqadagi qurilish ishlarining faollashishi bilan bog‘lamoqdalar.

Mavzuga oid