O‘zbekiston chegara xizmati Afg‘oniston hududida joylashgan terrorchi guruhlarning har qanday hujumlarini qaytarishga tayyor. Bu haqda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDHga a'zo davlatlar chegara qo‘shinlari komandirlari kengashining 73-yig‘ilishi natijalariga ko‘ra tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston MXX chegara qo‘shinlari shtabi boshlig‘i Nosirbek Usmonbekov ma'lumot berdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi yaqinida bir guruh jangarilarning to‘plangani qayd etilgan, ammo ularning soni Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi jangarilar sonidan ancha kam.
Tojikiston chegara qo‘shinlari komandiri, milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Rajabali Rahmonali bergan ma'lumotlarga qaraganda, Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi yaqinida ayni kunlarda 1.5 mingdan ortiq jangari to‘plangan. Ular orasida IShID a'zolari ham mavjudligi aytilmoqda.