Jahon | 12:18 / 10.06.2016
18625
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyo boshqaruvida “yopiq” tashkilotlarning nufuzi qanday?

Dunyo boshqaruvida nufuzli siyosatchi, ishbilarmon doiralarning vakillari a'zo bo‘lgan “yopiq” tashkilotlarning ma'lum darajada o‘rni borligi aytiladi. Mana shunday “yopiq” tashkilotlardan biri Bilderberg klubi ekani tan olinadi. Bu klub har yili qaysidlir shaharda o‘zining yillik anjumanini o‘tkazadi.

Jurnalistlar kiritilmaydigan, protokollashtirilmaydigan klub anjumani bu yil Drezden shahrida bo‘lib o‘tmoqda. An'anaga ko‘ra, tadbirda shaxsiy taklifnomasi borlargina ishtirok etadi, u yerda aytilgan gaplar oshkor qilinmaydi. 9 iyun kuni boshlangan 64-yopiq majlis Drezdendagi Taschenbergpalais mehmonxonasida 12 iyunga qadar davom etadi. Mehmonxona atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Biroq shunga qaramay o‘ng va so‘l kuchlarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu galgi tadbirda 150ga yaqin kishi ishtirok etmoqda. Ular orasida davlat rahbarlari, vazirlar, transmilliy korporatsiyalar va OAV rahbarlari, moliyachilar, bankirlar, jamoatchilik vakillari ham bor. Muxbirlarning xabar qilishicha, anjumanda Xalqaro Valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard, AQSh sobiq davlat kotibi Genri Kissinjyer, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Devid Petreus, Buyuk Britaniya Mi-6 razvedka xizmatining sobiq rahbari Jon Soers ham tadbirda ishtirok etmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Bilderberg klubi haqida gapirilganda, ko‘pincha yashirin dohiylar, jahon hukumati tushuniladi. Sayyoramizning boy va nufuzli odamlari a'zo bo‘lgani uchun ham klub dunyodagi eng kuchli tashkilot ekani tan olinadi. Shunisi e'tiborliki, 60 yillik tarixi davomida matbuotda klubning anjumanida nimalar haqida gapirilgani borasida yozilmagan, aytilmagan. Moboda jurnalistik tekshiruv natijasida qandaydir ma'lumot matbuotda paydo bo‘lib qolgudek bo‘lsa, ayni shu xabar tasdiqlanmagan. Shu sababli klub anjumanlari mahfiyligicha qolavergan.

Avvaliga Bilderberg klubini tashkil qilish orqali jahon xukumatini tuzish niyat qilinmagan edi. O‘tgan asrning 50-yillarida AQSh va NATO manfaatlarini ifodalovchi bir guruh nufuzli shaxslar dunyoda bo‘layotgan muhim voqealarni muhokama qilish maqsadida yopiq eshiklar ortida uchrashib turishga qaror qilishdi. Keyinchalik klub o‘zagi o‘zgarmay qolaverdi, ammo yangi a'zolar taklif qilina boshlandi. Klubning birinchi anjumani Gollandiyadagi “Bilderberg” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Keyinchalik klubga ayni shu mehmonxona nomi berildi. O‘shanda Niderlandiya qirollik saroyining taklifiga binoan 12 mamlakatdan 70 kishi kelgan edi. Bugungi kunda Bilderberg klubida doimiy a'zolar bilan qo‘shib hisoblaganda 20dan ortiq mamlakatdan 150ga yaqin kishi ishtirok etadi. Ular orasida Rokfeller, Rotshildlar sulolalarining vakillari, Yevropadagi ayrim mamlakatlarning sobiq va amaldagi bosh vazirlari, Jahon banki va megakorporatsiyalarning sobiq prezidentlari ham bor. Ko‘p hollarda AQSh prezidentlari, davlat kotiblari va NATO generallari ham taklif qilinadi.

Bilderberg klubidan tashqari dunyo boshqaruvida “300 qo‘mita”, “Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Kengash”, “Uchtomonlama komissiya”, “Rim klubi”, “Germaniya Marshall fondi” deb nomlanuvchi tashkilotlar ham faol ishtirok etishi aytiladi. Nomi boshqa bo‘lgani bilan ishtirokchilarning ko‘pchiligi o‘sha-o‘sha ekani aytiladi.

Masalan, Bogem klubi 1899 yildan beri har yili iyul oyida Kaliforniyaning Bogem so‘lim oromgohida to‘planadi. Klub a'zolari faqat erkaklardan iborat.

Amerikaning xususiy “Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Kengash”i tashqi ishlar masalalari bo‘yicha tadqiqot olib boradi, har ikki oyda Foreign Affairs jurnalini nashr qiladi. Kengash AQShdagi eng nufuzli “aql markazi” sifatida tan olinadi.

Uch tomonlama komissiya 1973 yilda Devid Rokfeller tomonidan tashkil qilingan. Uning ishida Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Osiyo mamlakatlarining siyosiy, ishbilarmon va ilmiy doiralarining vakillari ishtirok etadi.

Sharofiddin To‘laganov