Jahon | 17:37 / 01.07.2016
7865
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini uzaytirishga qaror qildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan joriy qilgan jazo choralarini uzaytirdi. YeI kengashining yig‘ilishida mazkur qaror qabul qilingan bo‘lib, sanksiyalar 2017 yil 31 yanvariga qadar amal qiladi. Bu haqda, tashkilot matbuot bayonnomasida so‘z yuritilgan. 

«Ushbu jazo choralari 2014 yil 31 iyulida qabul qilingan edi. Dastlab, Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblangan Rossiyaga nisbatan jazo chorasi 1 yil amal qilgan. O‘sha yilning sentabr oyida sanksiyalar birmuncha kuchaytirilgan va: moliya, energetika hamda mudofaa sohalarini qamrab olgandi», — deyiladi xabarda. 

Yevropa kengashi sanksiyalarni bekor qilish uchun Minsk kelishuvlarini 2015 yil 31 dekabrga qadar batamom ijro etishni shart qilib qo‘ygan edi.  

«Minsk kelishuvlari to‘liq bajarilmagach, Kengash sanksiyalarni olti oy muddatga, 2016 yil 31 iyuligacha uzaytirdi. Endilikda, kelishuv shartlari bajarilmaganini qayd etgan Yevropa kengashi sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirishga qaror qildi». 

Avvalroq, Rossiya hukumati rahbari Dmitriy Medvedev, YeIga nisbatan sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. 
 

Mavzuga oid