Jahon | 10:58 / 05.08.2016
16770
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat to‘ntarishi raqamlarda: Erdo‘g‘anni ag‘darishga urinish Turkiyaga qanchaga tushdi?

Foto: AFP

3 hafta avval, 16-iyul kuni Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinish mamlakatga qanchaga tushganiga Rossiyaning RIA Novosti agentligi oydinlik kiritishga harakat qilib ko‘rdi.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qarshi isyon yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Moliyaviy zararlar esa milliardlab dollarni tashkil etmoqda. Isyonning yana bir katta talofati kadrlar masalasidir. G‘arazgo‘ylarning asosiy makoni hisoblangan armiyadan tortib boshqa barcha ma'muriyatlarda ham 
tozalash ishlari o‘tkazilmoqda. 

Turkiya hukumati ma'lumotlariga harbiy isyonda 246 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Ikki mingdan ortiq odam jarohatlangan. Qayd etish lozimki, davlat to‘ntarishi tashkilotchilari tomonida halok bo‘lganlar bu hisobga kiritilgani yo‘q. 

Mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetgan. "Agar biz barcha samolyotlar, vertolyotlar, qurollar, bombalar va (vayron bo‘lgan) binolarni hisoblasak, ularning tannarxi kamida 300 milliard lir (100 milliard dollar) bo‘lsa kerak", — degan Turkiya savdo va bojxona vaziri Bulent Tufenkchi.

Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, hibsga olishlar to‘lqini boshlanib ketdi. Iyul oyi oxiriga ko‘ra, ushlanganlarning soni 25 mingdan ortib ketgan. IIV Efkan Alining so‘zlariga ko‘ra, isyondan so‘ng 26 mingga yaqin kishi ushlangan, deb xabar qilgan Anadolu agentligi. Ulardan 10 mingga yaqini hibsda saqlanmoqda. 

Bundan tashqari, mamlakat hukumati ko‘rsatmasi bilan, 74562 kishining pasporti bekor qilingan. Ular endilikda mamlakatni tark eta olishmaydi. 
Generallar safi esa, teng yarmiga tozalangan. Harbiy isyondan so‘ng, 163 general va admiral qo‘lga olingan — ular umumiy harbiy mulozimlarning yarmini tashkil etadi. Umuman, Resmi Gazete nashriga ko‘ra, 1684 nafar ofitser vazifasidan ozod etilgan.

Aytish joizki, Turkiya armiyasi yirikligi bo‘yicha NATOda ikkinchi, Yevropada birgina Rossiyadan keyingi o‘rinda turadi. 2014-yilgi ma'lumotga ko‘ra, uning safida 610 ming kishi bo‘lgan. Undan keyin keluvchi Fransiya va Britaniya armiyasida harbiy xizmatchilar soni 3 baravar kamdir. 

Umuman, mamlakat bosh vaziri Binali Yildirimning so‘zlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga oid surishtiruv ishlari doirasida 58611 kishi vazifasidan ozod etilgan. Anadolu agentligi bu borada 66 mingdan ortiq kishi degan raqamni keltiradi. Eng ko‘p ishidan mahrum bo‘lganlar ta'lim sohasiga to‘g‘ri keladi. 43 mingga yaqin kishi. Bundan tashqari, 1669 ta ta'lim muassasasi va turarjoylarni yopish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan, deb xabar qilgan edi Haberturk telekanali. 

IIV safidan  8,8 ming xodim, sog‘liqni saqlash sohasidan 5,6 ming xizmatchi,  moliya vazirligidan 1,5 ming kishi vazifasidan ozod etilgan. Din ishlari qo‘mitasining 1,1 ming nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan. Mudofaa, energetika, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, transport vazirliklarining har biridan mingga yaqin xodimlar haydalgan. Turkiya TIVning 88 nafar xizmatchisi ham shular qatori boshqa ish qidirishga majbur bo‘lmoqda. 

Isyonga urinish OAV safida ham keng qamrovli tozalash ishlari o‘tkazishga olib keldi. Turkiya hukumati 3ta axborot agentligini yopishga buyruq bergan, 16 telekanal, 23 ta radiostansiya, 45ta gazeta va 15ta jurnalning ham faoliyati to‘xtatildi. 20 dan ortiq yangiliklar saytiga kirish to‘sib qo‘yilgan, 29 nashriyotning litsenziyasi bekor qilingan.

Mavzuga oid