O‘zbekiston | 09:49 / 27.09.2016
117607
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kimlar propiska qilinishi mumkinligiga oydinlik kiritildi

«Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati» ga o‘zgartishlar kiritildi. 

O‘zgartishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 22 avgustda qabul qilinib, 25 avgustda Senat tasdig‘idan o‘tgan, 23 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasiga muvofiq kiritildi.

Unga ko‘ra, poytaxt hududida propiska qilinish huquqiga ega bo‘lganlar doirasi toraydi. Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskada bo‘lganlarning faqat eri yoki xotini, voyaga yetgan turmush qurmagan farzandlari, o‘zaro va (yoki) ilgarigi nikohdan dunyoga kelgan voyaga yetmagan farzandlari hamda asrab olingan farzandlarigina doimiy propiskadan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Norma.uz nashri tomonidan izohlanishicha, muqaddam propiskaga qo‘yilganidan so‘ng uning birinchi va ikkinchi darajali qarindoshlari ham doimiy propiska olishi mumkin edi. Masalan, ota o‘z o‘g‘lini propiskaga qo‘ygach, uyga o‘g‘ilning onasi (agarda avval ro‘yxatning 5-bandi bo‘yicha otasining xotini sifatida propiskadan o‘tmagan bo‘lsa), ona tomondan bobosi va buvisi, uning turmush o‘rtog‘i, yoshi va oilaviy holatidan qat'i nazar, barcha farzandlari doimiy ro‘yxatdan o‘ta olar edi.

Endilikda xuddi shunday vaziyatda o‘g‘ilning faqat quyidagi qarindoshlarigina propiskaga qo‘yilishi mumkin: uning rafiqasi, oila qurmagan (uylanmagan va turmushga chiqmagan) voyaga yetgan farzandlari hamda er-xotinning birgalikdagi va (yoki) ilgarigi nikohidan tug‘ilgan yoxud nikohsiz tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalari, shuningdek asrab olingan farzandlar.

Mavzuga oid