O‘zbekiston | 16:39 / 15.11.2016
11968
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi

Toshkentda 8-10 noyabr kunlari o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi.

Yarmarka ishida 33ta xorijiy davlat, kompaniyalari, savdo tashkilotlari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi vazirliklari, logistika kompaniyalarining 300dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Bular Shveytsariya, Litva, Germaniya, Gollandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Polsha, Isroil, Italiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Iordaniya kabi davlatlarining tadbirkorlari bo‘ldi.  Yarmarkani o‘tkazish dasturi asosida ishtirokchi xorijiy kompaniya va mexmonlar bilan davra suhbatlari va muzokaralar o‘tkazildi. 

Jumladan, Rossiya Federatsiyasining “X5 Riteyl grupp”, “Sibirskiy Alyans”, “Magnit”, “Perekrestok”, “Nevskiy Konditer”, “Agrolayin” va “Global Treyd”, Xindistonning “Eko Grin” Qozog‘iston Respublikasining “Meva Grupp” xamda bir qator xorijiy kompaniyalari bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yanada rivojlantirish istiqbollari, mavjud muammolarni hal etish, shuningdek savdo uylarini tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borildi. 

Har bir viloyatdan yarmarkada ishtirok etgan eksportyor korxonalar o‘zlarining mahsulotlarini eksport qilish va ularni joyiga qadar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Yarmarka yakuni bo‘yicha xorijiy xaridorlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida qiymati 1009 mln dollarlik 1421 ming tonna mahsulotlarni eksportga chiqarish bo‘yicha 355ta shartnoma imzolandi, shundan 120 ming tonna mahsulot 2016 yil yakuniga qadar eksportga yo‘naltirilishi ko‘zda tutildi. Barcha shartnomalar Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatga olindi. 

Yarmarkaning o‘tkazilishi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini yanada kengaytirish imkonini berdi. Xususan, Yevropa mamlakatlari Germaniya, Shotlandiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Belarus, Litva, Ozarboyjon, Rossiya, Janubiy-Sharqiy Osiyodan Xitoy, Koreya, Yaponiya, Yaqin Sharq mamlakatlari Iroq, BAA, Turkiya davlatlariga mahsulot eksport qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzildi. 

Natijada, tuzilgan shartnomalarda mevalar 25 foizni, uzum 17 foiz, sabzavotlar 32 foiz, quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar 13 foiz, dukkakli 13 foiz va poliz mahsulotlari 1 foizni tashkil etdi. 

Xorijiy xaridorlar tomonidan bildirilgan qiziqish va talablardan kelib chiqib, kelgusida meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini joylashtirishni (takroriy va to‘qsonbosti ekinlarni hisobga olgan holda) aniqlashtirilishiga zamin yaratdi. 

Yarmarka doirasida O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va iste'molchilar o‘rtasida “davra suhbatlari”, ikki tomonlama muzokaralar tashkil etilib, xorijlik mehmonlar ishtirokida intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga va sovutish komplekslariga sayohatlar tashkil etildi. Yarmarka ishtirokchilari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Marwin Brands” va “Asia Gem” hamda Toshkent shahrida barpo etilgan “Gold Dried Fruits” korxonalariga tashrif buyurib, u yerdagi quritish, muzlatish, saqlash, qadoqlash jarayonlari va qayta ishlangan tayyor mahsulotlotlar mehmonlarga namoyish etildi. 

Ta'kidlab utish joizki, ushbu korxonalar Yevropaning eng so‘nggi meva va sabzavotlarni qayta ishlovchi asbob uskunalari bilan jihozlangan. Ushbu tadbirda mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda Rossiyaning “Rossiya 24” va “NTV” telekanali vakillari ishtirok etdi.  

Yarmarkaning so‘nggi ish kuni davomida “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding va “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati vakillarining Respublika meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar, ulardan foydalanish salohiyatlari to‘g‘risida prezentatsiyalari tinglandi. 

3 kun davomida yarmarkani tomosha qilishga kelganlar soni esa 7000 kishidan oshiqni tashkil qildi. 

Eng asosiysi, kutilgan maqsadga erishildi. Xorijning ko‘plab nufuzli qayta ishlovchi va savdo kompaniyalari O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli o‘simliklarning sifati, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining tarkibiy hususiyatlari, ekologik soflik darajasi haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lib ketishdi.

Mavzuga oid