Jahon | 22:45 / 25.11.2016
10558
3 daqiqa o‘qiladi

Rostovda FlyDubai laynerining falokatga uchrashi sabablari ma'lum qilindi

Foto: Sputnik/Scanpix

Mart oyida Rostov aeroportida falokatga uchragan FlyDubai aviakompaniyasining "Boing" samolyoti ekipaji ikkinchi marta qo‘nishga urinish vaqtida fazoda mo‘ljalni yo‘qotib qo‘ygan, deb ma'lum qildi tergov borishidan xabardor bo‘lgan manba  "Interfaks" axborot agentligiga. 

"Yuz bergan voqea tafsilotlari hamda samolyotning texnik ko‘rsatkichlari va holati o‘rganilib, samolyot sardori ko‘rinishicha ikkinchi davraga kirayotganda samolyotning holatini adekvat baholay olmaganini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lingan. Unda samolyot yuqoriga ko‘tarilayotganda xavfli hujum burchagiga yetgan degan xayol paydo bo‘lgan. U bu yolg‘on tuyg‘usiga asoslanib, aviagorizont holatiga e'tibor ham bermay boshqaruv dastagini o‘zidan itargan", deb aytgan manba.

Manbaning aytishicha, uchuvchilar ko‘rish kuchli cheklangan sharoitlarda, tungi vaqt yoki asboblar bo‘yicha parvoz qilganda shunday holatga ko‘p uchraydilar.

"Samolyot ichida kuchli tezlashish yoki sekinlashish vaqtida insonning vestibulyar apparati (ichki quloqda joylashgan, bosh va gavda muvozanatini idora qiluvchi organ) miyaga samolyotning xavfli holatini to‘g‘rilash haqida yolg‘on buyruqlar yuboradi. Bunda uchuvchida keskin balandlikka ko‘tarilish yolg‘on hissi muqarrar paydo bo‘ladi", deb aytdi manba.

Avvalroq AQShda o‘tkazilgan samolyotning bo‘laklari texnik tekshiruvi vaqtida balandlik ruli soz holatda bo‘lgani, falokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklar yo‘qligi aniqlangani ma'lum qilingandi. Falokatgacha samolyotning texnik holatiga  hech qanday e'tirozlar bo‘lmagan.

Avvalroq balandlik ruli nosoz bo‘lishi mumkinligi hamda uchuvchining noto‘g‘ri harakatlari samolyotning falokatga uchrashi asosiy sabablari sifatida ko‘rilgandi. Qolgan versiyalar jiddiy muhokama qilinmagan.

Dubaydan kelayotgan samolyot 19 mart kuni Rostov aeroportiga qayta qo‘nishga harakat qilish vaqtida murakkab ob-havo sharoitlarida falokatga uchragan. Qo‘nishlar orasidagi urinishlar orasida ikki soatdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lgan. Falokat oqibatida samolyotdagi barcha odamlar – 55 yo‘lovchi va ekipajning 7 a'zosi halok bo‘lgan.

 

Mavzuga oid