17:56 / 25.01.2017
14338

Toshkentda deyarli 128 million so‘mlik mahsulotlar o‘g‘irlagan qorovul 8,5 yilga qamaldi

Qurbon Bahromov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2015 yil noyabr oyidan buyon Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Saida servis” MChJga qarashli omborxonada qorovul vazifasida ishlardi. Nima bo‘ldi-yu, Qurbonning niyati buzildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Nafsining quliga aylangan Qurbon Bahromov har safar o‘z navbatchiligida omborxona eshigining qulfini buzib, u yerdan oz-ozdan turli mahsulotlarni o‘g‘irlab chiqishni odatga aylantirdi. Kunlarning birida mahsulotlari mazkur omborxonada saqlanayotgan Rustam Rahimov mollari kamayib qolganini sezadi. Shundan so‘ng u har bir qorovulning navbatchiligini chetdan kuzatishni boshladi.

O‘tgan yilning 27 iyun kuni omborda Q.Bahromovning navbatchiligi edi. U shu kuni ham omborxonaga yashirincha kirib, mahsulotlar joylashtirilgan bir nechta korobkalarni olib chiqib ketadi. Ushbu holat R.Rahimovning e'tiboridan chetda qolmadi va bu haqda u huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga xabar qildi.

Tergov va surishtiruv ishlari yakunida omborxonada saqlanayotgan jami 127 million 96 ming so‘mlik mahsulotlar o‘g‘irlanganligi ma'lum bo‘ladi. Shuningdek, Q.Bahromov mollarni sotib, o‘z ehtiyojiga ishlatib yurganligi ham fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi Qurbon Bahromovga 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 

Top