Jahon | 08:51 / 28.01.2017
22555
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShga kirish tartibini kuchaytirdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni mamlakat tomonidan 120 kunga qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatish haqidagi farmonga imzo chekdi. Unda Suriyadan bo‘lgan qochqinlarni joylashtirish noma'lum muddatga qoldirildi hamda AQShga kirish tartibining bir qator bandlari kuchaytirildi.

"Bu mamlakatning xorijiy terrorchilar kelishidan himoyasi", - deya ma'lum qildi Tramp.

Farmonga ko‘ra, AQSh joriy moliya yilida (30 sentabr kuni yakunlanadi) 50 ming qochqinni qabul qiladi.

Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh moliyaviy yil boshlangan 2016 yilning oktabridan boshlab 30 mingga yaqin qochqinni qabul qilib olgan. Shu tariqa, mamlakat yilning qolgan davrida 20 mingdan ortiq qochqinni qabul qilmaydi.

Shu bilan bir qatorda, Tramp farmonida shtat va okruglar qochqinlarni qayerda joylashtirish masalasini mustaqil ravishda qabul qilishlari belgilandi. 

Bundan tashqari, Tramp Suriyadan qochqinlarni qabul qilishni noma'lum muddatga taqiqladi. AQSh o‘tgan moliyaviy yilda Suriyadan 12,5 ming qochqinni qabul qilgandi. Bu esa boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha kam degani.

Farmonda “diniy ozchilikni” tashkil qiluvchi insonlarga ko‘proq e'tibor qaratilishi ham aytilgan. Ular ma'lum bir holatlarda AQSh xalqaro majburiyatlariga mos tarzda qabul qilinadi. Tramp juma kuni suriyalik nasroniylarga yordam berishga qaror qilganini ma'lum qildi. 

Eng qizig‘i, Tramp Suriyadagi “xavfsiz hududlar” haqida hech narsa demagan. U bu haqda joriy haftada bir necha bor bayonotlar bergandi.

Tramp shuningdek nomuhojirlik vizalarini olishda majburiy suhbatdan o‘tish va AQShga kirib kelayotganlar ustidan biometrik nazorat tizimini joriy qilish vazifasini yukladi. 

Xususan, davlat departamenti ba'zi davlat fuqarolariga bir qator vaziyatlarda AQSh konsullik idorasidagi viza olishdan avval suhbatdan o‘tmaslikka imkon beruvchi dasturni zudlik bilan bekor qilish haqida topshiriq olgan.

Ichki xavfsizlik vazirligiga esa AQSh chegarasini kesib o‘tayotgan barcha kishilarning qayerga borishlarini nazorat qiluvchi biometrik tizimni ishlab chiqish va amalga tatbiq etish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek AQSh hukumati boshqa mamlakatlardan batafsil ma'lumotni talab qiladi. Bu mamlakat hududiga kirmoqchi bo‘lgan insonlarni yaxshiroq o‘rganishda qo‘l keladi. Matnda Vashington xorijiy hukumatlardan bunday ma'lumotni qay tarzda olishiga aniqlik kiritilmagan. 

Bundan tashqari, Tramp asosiy aholisi musulmonlar bo‘lgan bir qator mamlakatlar fuqarolarini 90 kunga mamlakatga kirishini cheklab qo‘ydi, biroq bu mamlakatlar nomi aytilmadi. Avvalroq bu davlatlar katta ehtimol bilan Iroq, Eron, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.

Shuningdek farmon matnida AQSh hukumati terrorchilik va ayollar ustidan zo‘ravonlik ishlatishda ayblanayotgan xorijliklar statistikasini taqdim etishi ham ma'lum qilingan.

AQShda terrorchilik bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanayotgan xorijliklar ro‘yxati 180 kun ichida taqdim etiladi. Ular bunday jinoyatlar uchun mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, AQSh hududida qancha xorijlik “radikal”ga aylangani va terrorchilarga yordam bergani haqida ham ma'lumot taqdim etiladi.

Kutilishicha, bugungi farmon Tramp siyosiy raqiblari va bir qator nodavlat tashkilotlar tomonidan jiddiy tanqid ostiga olinadi. New York Times gazetasi farmonni “asosiy Amerika qadriyatlaridan hamda AQShning gumanitar sohadagi yetakchi rolidan voz kechish” deb atadi.

AQShda prezident hokimiyati cheklangan – masalan, uning ko‘plab farmonlari kongress (agarda mablag‘ taqdim etishdan bosh tortsa) yoki sud (farmonni konstitutsiyaga zid deb topsa) tomonidan muzlatib qo‘yilishi mumkin. 

Mavzuga oid