Jahon | 09:04 / 06.02.2017
19758
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar Airways samolyoti eng uzoq davom etgan parvozdan keyin qo‘ndi

Foto:twitter.com/@qatarairways

Qatar Airways aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti tarixdagi eng uzoq davom etgan tijorat parvozidan keyin Yangi Zelandiyada qo‘ndi. Bu haqda aviakompaniyaning tvitterida ma'lum qilindi.    

"Biz Yangi Zelandiyada, Uzun Oq bulut (mahalliy aholi Yangi Zelandiyani shunday ataydi)  mamlakatida qo‘ndik", deyilgan xabarda.

Samolyot 14,5 ming kilometr masofani 16 soatdan ko‘proq vaqtda uchib o‘tdi. New Zealand Herald nashrining ma'lum qilishicha, samolyot belgilangan vaqtdan 15 daqiqa vaqtliroq qo‘ngan. 

217 ta ekonom-sinf va 42 ta biznes-sinfdagi o‘ringa mo‘ljallangan Boeing 777 samolyoti 5 fevral soat 05:10da (Toshkent vaqti bilan soat 07:10) Qatar poytaxti Dohadan parvozni boshlagan va Oklendda 6 fevralda 07:30 da (Toshkent vaqti bilan 5 fevral 23:30da) qo‘nishi kerak edi.    

Samolyot ekipaji 4 nafar uchuvchi, 15 nafar bortkuzatuvchidan iborat bo‘lgan va ular umumiy hisobda yo‘lovchilarga 1,1 ming finjon qahva va choy, 2 mingta salqin ichimlik va 1036 ta porsiya yegulik tortiq qilishgan. 

Ortga yo‘l qarshi shamol sababli ko‘proq vaqtni tashkil qiladi va 18 soatga yaqin davom etadi.

Taxmin qilinishicha, 2018 yilda Qatar Airways rekordini Singapore Airlines aviakompaniyasi yangilaydi. Bu aviakompaniya Singapur — Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha uzluksiz parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ta'kidlanishicha, ikki shahar orasidagi parvoz masofasi 15347 km ni tashkil qiladi.

Mavzuga oid