Jamiyat | 08:38 / 10.02.2017
5283
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning eng keksa ayoli 114 yoshida vafot etdi

AQShning eng keksa ayoli Adel Danlap 114 yoshida vafot etdi, deb ma'lum qildi Fox News telekanali. 

Danlap eng keksa amerikalik ayol nomiga bor-yo‘g‘i bir necha oygina egalik qildi. Bu faxrli va ulug‘ nom o‘tgan yil iyulida 113 yoshli Goldi Mikelson vafot etganda unga o‘tgandi. Statistikachilarning ma'lumotlariga ko‘ra, endi AQShning eng keksa ayoliga Pensilvaniya shtatida yashovchi Delfin Gibson aylandi.

Telekanalning ta'kidlashicha, Danlap 1902 yil 12 dekabrda Nyuarkda (Nyu-Jyersi shtati) dunyoga kelgan. Biroq uning o‘zi yoshini "kichraytirib" ko‘rsatgan. U o‘z hayotida ikkita jahon urushi, Buyuk tushkunlik va boshqa ko‘plab voqealarning guvohi bo‘lgan, 20 nafar prezidentning boshqaruvini boshidan kechirgan. 

Adel o‘zining uzoq umr ko‘rishi sirini bilmasligini aytib kelgan. Onaxon turmushga chiqquncha maktabda dars bergan, biroq turmushga chiqqach butun vujudini oila va 3 farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan. Danlap o‘zining marhum turmush o‘rtog‘idan 54 yil ko‘proq yashagan.