Si Tszinpin Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi
Xitoy raisi Si Tszinpin Amerika prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqotida Vashington bilan savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlik qilish istagini bildirdi. U, shuningdek, AQShning “yagona Xitoy” siyosatiga sodiqligini yuqori baholagan. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar qilmoqda.
"Biz Amerika tomoni bilan savdo, investitsiya, energetika, infratuzilmalar qurilishi sohalarida o‘zaro foydali hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha aloqalarni kuchaytirish va muvofiqlashtirishga, birgalikda xalqaro tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz", — degan Si Tszinpin.
Xitoy televideniyesiga ko‘ra, Donald Tramp "yagona Xitoy siyosati" o‘tkazilishining muhimligini e'tirof etgan holda, AQSh hukumati bu qoidaga qat'iy amal qilishiga va'da bergan. XXR raisi, o‘z navbatida, Trampning bu bayonotini yuksak qadrlashini aytar ekan, ayni shu jihat Xitoy-Amerika munosabatlarining siyosiy poydevori ekanini ta'kidlagan.
Ikki davlat rahbarlari qalin aloqani saqlab qolishga hamda tez orada shaxsan uchrashishlariga umid bildirishgan.