O‘zbekiston | 19:19 / 16.02.2017
9542
5 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman deputatlarga hisobot berdi

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili U.Muhammadiyev hisobot bilan so‘zga chiqdi. Ombudsman fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zi tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida deputatlarga ma'lumot berdi.

Hisobotda ta'kidlanganidek, 2016 yil davlat, jamiyat va fuqarolarning o‘zaro munosabatlari tizimini tubdan o‘zgartirgan voqealarga to‘la bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga, markazda va joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarini ochishga doir qabul qilingan qarorlari alohida ahamiyatga egadir. Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Kiritilayotgan ushbu yangiliklar umumiy maqsad – davlat va jamiyatning jadal rivojlanishini ta'minlash, fuqarolarning munosib va farovon hayoti uchun sharoitlar yaratish, ularning shaxsiy, siyosiy, sotsial va iqtisodiy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali amalga oshirishdan iborat.

“Adolat – qonun ustuvorligida” tamoyili Ombudsman faoliyatining asosiga aylandi.

2016 yilda Ombudsman tomonidan Virtual qabulxona va “1096” raqamli to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa telefoni ochildi.

Ombudsman 2016 yilda Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonunlarni ishlab chiqish va muhokama qilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etdi. Ombudsman nazorat-tahlil faoliyatining materiallaridan parlament eshituvlari jarayonida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining ma'ruzalarini muhokama qilish chog‘ida keng foydalanildi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida Ombudsman tomonidan kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar, to‘liq bo‘lmagan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.

Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, joylarda jamoat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan sotsial-iqtisodiy va madaniy dasturlarga kam ta'minlangan oilalar a'zolarini, ayollarni, yoshlarni va keksa yoshdagi fuqarolarni jalb etishga doir manzilli faoliyat chog‘ida Ombudsmanning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi chuqur ijtimoiy ahamiyat kasb etdi.

Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga ko‘ra parlament yuqori palatasi tomonidan qabul qilingan amnistiya hujjatini tatbiq etishning qonuniyligi va xolisligi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etdi.

O‘zbekiston Ombudsmani Xalqaro Ombudsman institutining, Yevropa Ombudsman institutining va Osiyo Ombudsmanlar uyushmasining a'zosi hisoblanadi. Ombudsman xalqaro aloqalarining rivojlanishini tahlil qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, qabul qilinayotgan qonun hujjatlariga va davlat dasturlariga jahon hamjamiyatining qiziqishi ancha oshganligi to‘g‘risida guvohlik beradi. Ombudsmanning xalqaro forumlarda ishtirok etishi inson huquqlari va manfaatlarini ta'minlash sohasida O‘zbekiston tajribasini ochib berish imkonini berdi. Xalqaro tadbirlar davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Litva, Latviya, Turkiya va bir qator boshqa mamlakatlar Ombudsmanlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ombudsman hisobotini muhokama qilish mobaynida siyosiy partiyalar barcha fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdi.

Har tomonlama muhokama qilish davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ma'qulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

Mavzuga oid