Fan-texnika | 23:26 / 13.03.2017
4470
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniya yo‘llari bo‘ylab haydovchisiz mashinalarga yurishga ruxsat berildi

Foto:motor.ru

AQShning Kaliforniya shtati rahbariyati umumiy foydalanish yo‘llarida avtonom haydash tizimlariga ega avtomobillarni sinashga taalluqli talablarni o‘zgartirdi. Bloomberg axborot agentligining ma'lum qilishicha, endilikda bunday mashinalarni sinashda mashinada haydovchining bo‘lishi shart emas. Avval haydovchi o‘rindig‘ida haydovchining majburiy tarzda o‘tirishi kerakligi u favqulodda vaziyatda boshqaruvni o‘z nazoratiga olishi bilan tushuntirilgandi.

Bundan tashqari, transport vositalarini ro‘yxatga olish mahalliy departamentining aytishicha, endi oddiy yo‘llarga chiquvchi bunday mashinalarda rul va tepkilar bo‘lishi shartmas. Biroq qandaydir kompaniya bunday mashinani sinamoqchi bo‘lsa, u avval AQSh yo‘l harakati milliy ma'muriyatining ruxsati va litsenziyasini olishi kerak bo‘ladi.

Rul va tepkisiz avtomobillarning birinchilaridan biri Google’da yaratilgan. 2014 yilda bunday mashinaning ilk prototipi, o‘tgan yilning o‘rtalariga kelib AQSh yo‘llarida ulardan 34 tasi sinalgan. Bundan tashqari, kompaniya Lexus RX 450h negizida qurilgan yana 24 ta avtonom krossoverni sinovdan o‘tkazmoqda.

Avvalroq avtonom mashinalarni haydovchisiz sinashga ruxsat beruvchi qonun Michigan shtatida qabul qilingandi.

Mavzuga oid