Jahon | 10:01 / 30.03.2017
16823
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti bugun hibsga olinishi kutilmoqda

Foto: © RIA Novosti

Janubiy Koreya sudi 30 mart kuni prokuraturaning mamlakat sobiq prezidenti Pak Kin Xeni hibsga olishga order berish to‘g‘risidagi so‘rovini ko‘rib chiqmoqda. Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, ushbu so‘rov bugun kun oxirigacha yoki 1 aprel kunining birinchi yarmida qondirilishi mumkin.

Pak Kin Xe sud binosiga mahalliy vaqt bilan soat 10:20da (Toshkent vaqti bilan soat 06:20) kelgan. Janubiy Koreya televideniyesi sobiq prezident bir guruh kishilar hamrohligida jurnalistlar orasidan o‘tib, savollarga javob qaytarmagan holda yurib borgani tasvirlangan kadrlarni namoyish qilgan.

Koreya Respublikasi prokuraturasi tegishli so‘rovni 27 mart kuni sudga yuborgandi. Shu tariqa, sud tergov tomonidan sobiq prezidentga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni qabul qilgandi. 

Sobiq davlat rahbari 13 ish bo‘yicha ayblanmoqda. Ularning asosiysi poraxo‘rlik va  mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish hisoblanadi.

Agar ayblar isbotlansa, unga 10 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.

Pak Kin Xe so‘roq vaqtida barcha ayblovlarni rad etgan.

Ma'lumot uchun. Pak Kin Xe 2016 yilning oktabrida matbuot uning dugonasi Chxve Sun Silning firibgarliklarini yozib chiqqanida mojarolar markazida qoldi. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, bir necha yil davomida Chxve Sun Sil davlat boshqaruvi ishlariga aralashib kelgan va siyosiy qarorlar qabul qilinishiga ta'sir o‘tkazgan. Pak Kin Xening dugonasi bir qator kompaniyalar, jumladan Samsung kompaniyasiga bosim o‘tkazgan, u shu maqsadda o‘z nazoratidagi fondga kompaniyalardan jami 70 million dollarga yaqin mablag‘ undirgan. Janubiy Koreya muxolifati sobiq prezident Chxve Sun Sil ishlaridan boxabar bo‘lganini bildirdi.

O‘tgan yilning dekabrida Janubiy Koreya parlamenti prezident impichmenti uchun ovoz berdi, shu yilning 10 martida esa bu qaror Konstitutsion sud tomonidan tasdiqlandi.

Mavzuga oid