O‘zbekiston | 00:57 / 20.04.2017
20625
5 daqiqa o‘qiladi

Ichimlik suvidan oqilona foydalanish masalalari bilan shug‘ullanadigan davlat inspeksiyasi tashkil etildi

O‘zbekiston Prezidentining 18 apreldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi.

Farmonga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, foydalanilgan suvlarni oqizish (kanalizatsiya) hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasidagi qonunchilik va me'yoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq hal etilmagan qator muammolar mavjud.

Yangi inspeksiyaning asosiy vazifalari etib:

  • ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, kanalizatsiya hamda oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatishni texnik tartibga solishga oid qonunchilik va me'yoriy hujjatlar talablariga rioya etish;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya tashkilotlari tomonidan suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimi obektlarini texnologik jarayon va energiya tejashni takomillashtirishga qaratilgan texnik auditdan o‘tkazish;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanish bo‘yicha texnik shartlar talabiga rioya etish, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimi obektlaridan foydalanish holati va sharoitlari, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimida nosozliklar va avariya holatlarining oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish, ichimlik suvi isrof bo‘lishining o‘rnatilgan me'yorlardan oshmasligi;
  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha yerosti suv quduqlaridan foydalanish holati va sharoitlari ustidan davlat nazoratini ta'minlash belgilandi.

«Davsuvinspeksiya» o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun:

  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha toifadagi suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlari, shuningdek, suv chiqarish quduqlarini o‘z vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha o‘rganish;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning obektlari, shuningdek, turar joylarda suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etish bo‘yicha belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasidagi qonunchilik talablari, shuningdek, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqiga ega.

Farmonga muvofiq, «Davsuvinspeksiya» o‘z faoliyatini:

  • ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmati ko‘rsatish masalalari bo‘yicha — Ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha Respublika komissiyasi bilan;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik jarayoniga rioya qilish masalalarida — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan;
  • yerosti suvlari quduqlaridan samarali foydalanishni ta'minlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, gidrogeologik axborotlarni tahlil qilish masalalarida — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan;
  • ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanishga yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha — mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Mavzuga oid