O‘zbekiston | 22:34 / 30.04.2017
6564
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Kamilov Yaponiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Foto: mfa.uz

2017 yilning 30 aprel kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti ishtirokchi davlatlari tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashi ishida qatnashish uchun Turkmanistonga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ashxobod shahrida Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

Tomonlar suhbat davomida davlatlararo munosabatlar, jumladan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti shaklidagi aloqalarning hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Vazirlar turli sohalardagi o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikni chuqurlashtirish, uning tarkibini amaliy boyitish, jumladan yetakchi yapon kompaniyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlariga jalb qilish va yuqori texnologik qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish evaziga to‘ldirishga ikki davlatda ham qiziqish mavjudligini tasdiqlashdi.

Uchrashuvda ba'zi xalqaro va mintaqaviy masalalar ham muhokama qilindi.

Turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Yaponiya uchrashuvlarining jadvaliga alohida e'tibor qaratildi.

Mavzuga oid