19:26 / 15.05.2017
7913

Nazarboyev Pekin forumida Qozog‘istonning 5 taklifini ilgari surdi

foto Akorda.kz

Qozog‘iston Prezidenti "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusini amaliy harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlash borasida 5ta taklifni ilgari surdi. Bu haqda Tengrinews.kz sayti muxbiri Pekindan xabar qilmoqda. Nursulton Nazarboyev "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro forumida ishtirok etar ekan, xalqaro hamkorlikning 5ta muhim masalasiga e'tibor qaratishni taklif etdi.

"Birinchi – ushbu yo‘lning o‘sib borayotgan tranzit salohiyatini samarali o‘zlashtirish uchun tovarlar oqimlarining chegaralardan o‘tishini bosqichma-bosqich, xizmat ko‘rsatish darajasini ko‘tarish yo‘li bilan yengillatish zarur. Bunda ma'muriy to‘siqlarga barham berish talab etiladi. Bu qo‘shimcha ekspertiza va tegishli moliyalashni talab etadi. Fikrimcha, Osiyo banki bu kabi dasturlarga faolroq sarmoya kiritishi kerak – bu kelajakka kiritilayotgan investitsiyalar hisoblanadi", - degan Nazarboyev. 

Ikkinchidan, Qozog‘iston davlat rahbarining fikricha, Ipak yo‘li bo‘ylab oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish muhim ahamiyatga molikdir. 

"Uchinchisi – biz innovatsiyaviy hamda ilmiy-texnik taraqqiyot yuzasidan yanada qalin hamkorlikka e'tibor qaratishimiz kerak. Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazlarini qo‘shma loyihalash masalalarini ko‘rib chiqish kerak. Davra suhbati ishtirokchilari qozog‘istonlik olimlar ilgari surgan Ipak yo‘li Xalqaro akademiyasini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz", - degan Nazarboyev. 

Prezident, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini qayd etar ekan, jumladan mintaqa ichkarisidagi transchegaraviy daryolar suv zaxiralaridan oqilona foydalanish – transport arteriyalari bo‘lishiga ishonch bildirdi. 

"Beshinchidan - "Bir makon, bir yo‘l" g‘oyasini rivojlantirish, shubhasiz, tashabbusga qo‘shilgan mamlakatlarning o‘zaro ishonchini hamda ularning har tamonlama teng huquqli hamkorlikka tayyor ekanliklarini isbotlaydi", - deya xulosa qilgan Nursulton Nazarboyev.  

Nazarboyevga ko‘ra, Xitoy "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusini ilgari surish bilan jahonga mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini namoyish qildi. 

Top