Jahon | 11:20 / 16.05.2017
16446
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya mudofaa vazirligi: Shimoliy Koreya yangi rusumdagi raketa uchirdi

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya 14 may kuni suyuq yoqilg‘ida ishlovchi dvigatelga ega yangi turdagi ballistik raketani uchirdi. Raketa Yaponiyaning shimolidagi Xokkaydo prefekturasiga qarashli kichkinagina Okkusiri orolidan 450 km uzoqlikda Yapon dengiziga tushgan. Bu haqda Yaponiya mudofaa vaziri Tomomi Inada hukumat yig‘ilishidan so‘ng matbuot-anjumanida ma'lum qildi.

“Biz raketa Yapon dengiziga Xokkaydo prefekturasidagi Okkusiri orolidan 450 km uzoqlikda tushganini aniqladik”, deb aytdi mudofaa vaziri. Vazir raketa yangi turdagi raketa ekanligini aytdi. «Shimoliy Koreya tomondan oshkor qilingan tasvirlar tahlilining ko‘rsatishicha, raketa jangovar kallagi shakli bo‘yicha Shimoliy Koreya ixtiyoridagi "Skad", "Nodon" yoki "Musudan" raketalaridan farq qiladi”, deb ta'kidlab o‘tdi Inada. 

Inadaning aytishicha, yangi raketa suyuq yoqilg‘ida ishlovchi dvigatelga ega. Bundan esa uning soplosidan chiqqan alanganing ko‘rinishi darak bermoqda.

Avvalroq ma'lum qilingandek, Shimoliy Koreya 14 may kuni o‘rta masofalarga mo‘ljallangan "Xvanson-12" ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Raketa 787 km uchib o‘tib, Yapon dengiziga tushgan, uning maksimal parvoz balandligi 2111 km ni tashkil qilgan. Yapon mutaxassislari shunga asoslanib, raketaning haqiqiy uchish uzoqligi 4-4,5 ming km ni tashkil qilishi, shunga ko‘ra uni o‘rta masofalarga mo‘ljallangan tizimlarga kiritish mumkinligini taxmin qilishgan.

Yaponiya mudofaa vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, raketa Pxyonan-Pukto viloyatidagi Kuson shahridan uchirilgan. Pxenyan bu joydan oxirgi marta joriy yilning fevralida raketa uchirgandi.  

Mavzuga oid