Jahon | 10:21 / 16.05.2017
6200
5 daqiqa o‘qiladi

Makron va Merkel Yevropa ittifoqi taqdirini birgalikda hal qilmoqchi

Foto: EPA

Germaniya va Fransiya Yevropa ittifoqi uchun murakkab bo‘lgan vaqtda qalin aloqada qolish va hamjamiyat doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish niyatida. Bu haqda GFR kansleri Angela Merkel Berlin shahrida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ma'lum qildi. 

"Bugun fikrlar almashdik va juda qalin hamkorlik qilishga kelishib oldik, - dedi Merkel. – Germaniya-Fransiya munosabatlari muhimligini bilamiz, hamda men YeI uchun hozirgi juda qiyin bo‘lib turgan vaqtda qabul qilingan to‘g‘ri qarorlar uchun mas'uliyatni his etmoqdaman".

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda “YeIni o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirishga oid yo‘l xaritasini ishlab chiqish” bo‘yicha kelishuvga erishilgan. “Bular bir kunda paydo bo‘ladigan loyihalar emas, biroq bizning fikrimizcha, hozirda nafaqat Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi bilan shug‘ullanishimiz kerak, balki birinchi navbatda, YeI va yevrohududni mustahkamlash haqida o‘ylashimiz darkor”, - deya aniqlik kiritdi kansler.

Merkelning ma'lum qilishicha, Yevropa bitimlari o‘zgarishini istisno etmayapti, ammo bularning bari Yevropa ittifoqi foydasiga ishlashi zarur. "Ushbu masalani muhokama qildik, - dedi u. – Germaniya nuqtai nazaridan, bitimlarning o‘zgarishi ehtimoli bor, biroq bu ma'noga ega bo‘lishi va yevrohududni mustahkamlashga xizmat qilishi kerak".

"Lekin avvalo biz nima qilishni istayotganimizni aniqlab olishimiz lozim, keyin esa, kerak bo‘lsa o‘zgartirish kiritish. Nima bo‘lgan taqdirda ham men bunga tayyorman", - deya ta'kidlab o‘tdi kansler. Uning fikricha, YeI “butun dunyo o‘zgarayotgan” paytda bir joyda turib qolishi kerak emas. 

O‘z navbatida, Makron Yevropa ittifoqida islohot o‘tkazish kerakligini tasdiqlagan. "Bizga byurokratik to‘siqlarsiz Yevropa kerak, u o‘z fuqarolarini yaxshiroq himoya qilishi lozim", - dedi u.

Fransiya prezidentining ta'kidlashicha, "Yevropasiz tinchlik, farovonlik va erkinlik bo‘lmaydi". "Biz institutlarni isloh qilish va yangi kelishuvlarga tayyormiz", - deya ma'lum qildi Makron. Shuningdek, uning qayd etishicha, nafaqat Yevropa ittifoqida, balki yevrohududda ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak. 

Bundan tashqari Fransiya prezidenti Germaniyaga “to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq va konstruktiv sherik” bo‘lishga va'da berdi. "Biz demokratik Yevropa ittifoqi yo‘lidan ketishimiz kerak",  - dedi Makron.

Fransiyaning yangi prezidenti o‘z davlatida yaqin vaqt ichida ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazishi haqida ham bong urdi. "Fransiya – ommaviy ishsizlik muammosini hal etmagan yagona davlat. Biz chuqur islohotlarga muhtojmiz, ular yaqin orada o‘tkaziladi", - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Merkelning fikricha esa, Makron o‘z ishi natijalari namoyon bo‘lsa, aholi tomonidan bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlanadi. "Ishni boshlaganingda qo‘llab-quvvatlov bo‘lishi yaxshi, biroq bularning bari natija bo‘lgunga qadar saqlanib qolishini ham tushunish kerak. Har ikkimiz buni yaxshi bilamiz", - deya ta'kidlab o‘tdi kansler. 

Makron Merkel bilan uchrashuvdan so‘ng Twitter’da Berlinga o‘z tashrifini “Yevropani uyg‘otish uchun qo‘yilgan ilk qadam” deb atadi. GFR poytaxtiga borishdan biroz avval u Fransiyaning Germaniyadagi elchisi Filipp Etenni o‘z diplomatik maslahatchisi, deya e'lon qildi. Bu tayinlov siyosiy doiralarda yangi prezident qo‘shni davlat bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilayotgani sifatida baholandi. "Fransiyaning yangi prezidenti bilan bizda Yevropa g‘oyasiga dinamika olib kirish imkoni paydo bo‘ladi", - deya aytib o‘tgan Merkel.

Eslatib o‘tamiz, Makron o‘z saylovoldi kampaniyasi vaqtida, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, birinchi bo‘lib Germaniyaga tashrif buyurishi haqida bir necha bora ma'lum qilgandi. Makronni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklagan ilk xorijiy yetakchi esa – Merkel bo‘ldi.

 

Mavzuga oid