Jamiyat | 12:11 / 16.05.2017
13556
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bolalar Kaspiy dengizining Turkmaniston sohilida dam olishmoqda

Foto: ashgabat2017.gov.tm

O‘zbekistonlik bolalar guruhi Turkmanistonning “Avaza” Milliy turistik hududiga yozgi hordiq uchun yetib keldi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narboyeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning taklifiga ko‘ra kelgan. Taklif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan may oyi boshida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida bildirilgandi.

Axborot agentligining ta'kidlashicha, o‘shanda Turkmaniston rahbari Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari, kottej majmualari va hashamatli mehmonxonalar o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarini dam olish uchun qabul qilishga tayyorligini aytib o‘tgan.

Buxoro, Navoiy, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bo‘lgan bolalar “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markazida joylashtirildi. "Avaza" mehmonlari hordiq chiqarish davomida kurort bo‘ylab ekskursiyalar, madaniy va sport tadbirlari, yengil atletika va suzish bo‘yicha musobaqalar, tanlovlar, adabiy kechalarda ishtirok etishi mumkin.

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari "Avaza"da 25 mayga qadar bo‘lishadi.

Mavzuga oid