O‘zbekiston | 11:30 / 19.05.2017
6680
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Turkiya turizm vaziri rahbarligidagi delegatsiya kelmoqda

Foto: Turkiya madaniyat va turizm vazirligi

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji may oyi oxirida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«16 may kuni O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Anvar Sharopov Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shon bilan uchrashuv o‘tkazdi», – deyilgan xabarda.

Matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, uchrashuvda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Nabi Avjining may oyi oxirida O‘zbekistonga tashrif buyurishi masalasi kun tartibining asosiy mavzusi bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, turkiyalik vazir bilan birgalikda turk investitsiya kompaniyalari va turistik firmalarining bir qator vakillari ham O‘zbekistonga kelmoqda. Kompaniyalar soni va nomlar keltirilmagan.

«Turkiya tomoni bilan uchrashuv davomida respublikada turistik sohada o‘tkazilayotgan, sektordagi rivojlanish maromi hamda turizm infratuzilmasini tubdan yaxshilash bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi», – deyilgan xabarda.

Asosiy urg‘u turizmning mamlakat iqtisodiyotidagi strategik ahamiyatiga qaratilgan, sayyohlik sohasi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari, ekologik turizmni rivojlantirish bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etilgan.

Mavzuga oid