Jahon | 23:33 / 25.05.2017
18560
19 daqiqa o‘qiladi

Mashmashalar girdobidagi na ozod va na mahbus Julian Assanj

Tjournal jinoiy ish ishtirokchisiga aylangan va Rossiya bilan xufiyona aloqalarda gumon qilinayotgan Wikileaks asoschisi va erkin axborot yalovbardorining tarjimai holi borasidagi maqola e'lon qildi.

Julian Assanj Londondagi Ekvador elchixonasi binosini balkonida, 2016 yil. Foto Sputnik

Joriy yilning 19 may kuni Shvetsiya hukumati 45 yoshli Julian Assanjga nisbatan e'lon qilingan va unga 5 yil davomida tahdid solib kelgan nomusga tajovuz borasidagi ayblovni bekor qildi. Wikileaks sayti asoschisining ismi 2010 yilda Amerika hukumati tomonidan fosh qilingach, mashhur bo‘lib ketgan edi, o‘shandan beri uning ismi tillardan tushmay kelayotir.

Maxfiy axborotlarni jamoatchilik bilan bo‘lishishni istagan Assanj Iroqdagi harbiy jinoyatlar haqida hikoya qilgan va turli davlatlarning maxfiy siyosiy manfaatlarini yoritib kelgan. Bu ishlar bilan parallel ravishda Assanj Rossiyaga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirgan, Amerika maxsus xizmatini o‘ziga nisbatan qayrab, turli mojarolarga aralashib qolgan va alal-oqibatda, Ekvadorning Britaniyadagi elchixonasida biqinib o‘tirishga majbur bo‘lib turibdi.

Birinchi katta fosh etish

2006 yilda avstraliyalik haker Wikileaks saytiga asos soladi, resursni rivojlantirishda dasturchining do‘stlari, shuningdek, anonim manbalar ishtirok etadi. Dastlabki chiqishlar Somali shayxining davlat arboblarini o‘ldirish rejalari, Keniya va terrorchilik hamda harbiy jinoyatlarda gumonlanadiganlar ushlab turiluvchi Amerikaning Guantanamo qamoqxonasida ildiz otgan korrupsiya haqida hikoya qilgan edi.

Xalqaro nashrlar, jumladan, The Guardian va The New York Times Wikileaks ma'lumotlarini yorita boradi, buning oqibatida 2009 yilda AQSh armiyasi askari Bredli Menning Assanj bilan aloqaga chiqadi. U Amerika harbiylarining Iroqdagi jinoyatlari haqida hikoya qilib berishni ich-ichidan istab yurgan edi va tez orada Assanjga minglab maxfiy hujjatlarni bera boshlaydi. Ularning ichida eng asosiy topilma AQSh armiyasi vertolyoti bortidan turib begunoh insonlarning o‘qqa tutilishi videoyozuvidir.

2007 yilning 12 iyulida piyoda qo‘shinlarga yordam berish uchun jangovar harakatlar zonasiga chaqirilgan Amerika vertolyoti 20 ga yaqin qurolsiz kishini o‘qqa tutadi, bu holatda go‘yoki vertolyot uchuvchisi ularning qo‘lida qurolga o‘xshash narsa ko‘rib qolgan bo‘ladi. Shundan so‘ng vertolyot voqea joyiga yetib kelgan mashinaga qarata o‘t ochadi va to‘rt kishini o‘ldiradi va ikki bolakayni yaralaydi. Hujum suratga tushirilgan yozuv 17 daqiqa davom etadi.

Videoyozuvning ikkinchi, 39 daqiqalik ko‘rinishi ham bor, unda vertolyot yaradorlar bekinib turgan joy binosiga qarata bir necha raketa zarbasi beradi. Aviazarba natijasida Reuters agentligining bir necha jurnalisti, jami 19 kishi o‘ldiriladi.

2007 yilda Pentagon hujum natijasida bor-yo‘g‘i 9 nafar jangari o‘ldirilganini, ular dastlab vertolyotga qarata o‘t ochishganini ta'kidlab o‘tadi. O‘ldirilgan jurnalistlarni Amerika hukumati «tasodifiy qurbonlar», deb ataydi va o‘t ochilishi yozuvini oshkor etishdan bosh tortishadi.

Wikileaks’ning maqsadlari: «Korrupsiya darajasini pasaytirish, hukumat ishini yaxshilash va axborot tarqatish yo‘li bilan demokratik qadriyatlarni mustahkamlash».

2010 yilning dekabrida, videoyozuv Internetda tarqalgach, AQShda katta mojaro kelib chiqadi. Iroq urushi mavzusi shunday ham teleekranlardan tushmay kelayotgan edi, bu rolik esa mubohasani yangi sifat darajasiga chiqaradi.

O‘sha yilning oktabrida Assanj Iroq urushi haqida Wikileaks’da 400 mingga yaqin hujjatni e'lon qiladi. Hisobotlarning katta qismi 2004 yildan 2009 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. O‘sha paytdagi AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati sayt egalarini maxfiy hujjatlarni oshkor etishgani uchun tanqid ostiga oladi. Odamlarga qarata o‘q uzgan vertolyot ekipajidan hech kim jazoga tortilmaydi.

Shov-shuvli ma'lumotlar oshkor etilgach, Wikileaks jamoasiga Assanj bilan u yoki bu darajada hamkorlik qilgan o‘nlab odamlar qo‘shilib, minglab faollar xayrixohlik qila boshlaydi. To‘rt yil ichida uning erkin axborotga asoslangan loyihasi Keniya shayxlari rejasini oshkor etgan saytdan Amerikaning Afg‘oniston va Iroqdagi operatsiyalari haqida keng miqyosdagi «sizdirilgan» axborotlar e'lon qilinadigan maydonga aylanadi.

Chelsi Menning bilan aloqa

AQShning Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy operatsiyalar borasidagi maxfiy ma'lumotlarni oshkor etilishi faqat Assanjning xizmati emasdi. Axborotning bosh manbasi Bredli Menning edi.

Informator Iroqdagi razvedka ma'lumotlari tahlilchisi bo‘lib ishlar va Pentagonning maxfiy axborotlarini erkin qo‘lga kiritishga ruxsati bor edi. U AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy jinoyatlari haqida bilib qolgach, OAVga murojaat qiladi, biroq unga hech kim ishonmaydi va ma'lumotlar chop etilmaydi. Shunda Menning Wikileaks bilan aloqaga chiqadi va 2010 yil yanvariga kelib Assanjga Pentagonning 500 mingga yaqin hujjatini yetkazib beradi.

Bredli Menning AQSh maxsus xizmati tomonidan ushlanganidan so‘ng.
Foto: Reuters

May oyining oxirida Menningni mashhur xaker Adrian Lamo (Adrian Lamo) fosh etadi. Askarni hibsga olishadi va ayblov e'lon qilmasdan ikki oy harbiy bazada ushlab turishadi. Shundan so‘ng faolni AQShga keltirishadi va unga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan ayblovlar e'lon qilishadi. Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonada uni juda og‘ir sharoitlarda saqlashadi: u kun bo‘yi bir kishilik kamerada o‘tiradi, tunda va tonggi ko‘rik chog‘ida unga kiyim kiyishga ruxsat berishmaydi.

Menning bilan bog‘liq voqea Amerika jamiyatida katta rezonans keltirib chiqaradi va OAV uni ozod etilishini talab qilib chiqa boshlaydi. Wikileaks informatori saqlanayotgan qamoqxona yaqinidagi ko‘chalarda bir necha ming odam to‘planadi, «Bredli Menningni qo‘llab-quvvatlash fondi»ga esa 2012 yilning avgustiga kelib 650 ming dollar xayriya mablag‘lari kelib tushadi, uning 15 ming dollari Wikileaks hisobiga o‘tkazib beriladi.

Hukumat jamoatchilik talablarini inkor etadi. 2013 yilning avgustida AQSh harbiy tribunali Menningni maxfiy ma'lumotlarni oshkor etganligi uchun 35 yil qamoq jazosiga hukm etadi — bu AQShda shu modda bo‘yicha nazarda tutilgan eng qat'iy jazo.

Bir yil o‘tib Kanzas shtati sudi Menningga ismini Chelsi deb, ayollar ismiga o‘zgartirishga ruxsat beradi, 2015 yilning martida esa Vashingtondagi harbiy sud Menningni ayol deb tan oladi. Bu yoshligidan o‘zini qiz bola deb hisoblab yurgan askarning azaliy orzusi edi, armiyaga yozilishidan sabab — o‘zidagi bu hisni batamom o‘ldirish bo‘lgan ekan.

Chelsi Menning qamoqxonadan chiqqach.
Shaxsiy Instagram sahifasidagi fotosurat

Assanj ham o‘z informatorini ozod etishlarini talab qilib, bir necha bor chiqish qiladi, 2017 yilning 13 yanvarida agar Chelsi Menning ozodlikka chiqsa — u o‘zini AQSh hukumatiga topshirishini ham ta'kidlab o‘tgan edi. Tasodifmi yoki yo‘q, bu bayonotdan 5 kun o‘tib AQSh prezidenti Barak Obama Menningga nisbatan hukmni yumshatadi — uni 2017 yilning mayida ozodlikka chiqarishga qaror qilishadi, garchi boshlang‘ich hukmga ko‘ra ayol 2045 yilgacha qamoqxonada o‘tirishi lozim bo‘lsa-da.

Obamaning qaroridan ertasigayoq Assanj AQShga borish borasidagi so‘zlarini qaytib oladi. Menningning shunchaki muddati ozaytirilganida emas, u zudlik bilan ozod qilingan taqdirda va'dasini bajargan bo‘lishini ta'kidlaydi. 2017 yilning 17 mayida Wikileaks’ning sobiq informatori ozodlikka chiqadi. Ayolning keyingi rejalari qanday, u Assanj bilan gaplashganmi-yo‘qmi, hozircha noma'lum.

Yangi sizdirmalar

2010 yilning kuziga kelib, Menning o‘yindan chiqqach, Assanjning qo‘lida faol tomonidan uzatilishga ulgurib qolingan katta axborot bo‘laklari bor edi. Noyabrda Wikileaks asoschisi AQSh Davlat departamentiga tegishli 251 mingta hujjatni oshkor etadi. Ulardan 100 mingga yaqini «mutlaqo maxfiy» muhriga ega edi.

Diplomatik ma'lumotlarda asosan amerikaliklarning Yaqin Sharqdagi yadro dasturi rivojlanayotganidan tashvishga tushayotgani, shuningdek, Rossiya hukumatini tanqid ostiga olingani aks ettirilgandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, amerikalik diplomatlar Rossiyani «mafioz davlat», deya hisoblashlari oydinlashadi.

Amerikalik diplomatlarning hujjatlariga ko‘ra, Rossiyada hokimiyat boshida poraxo‘rlar, oligarxlar va uyushgan jinoiy guruh a'zolari turishadi. Ushbu tuzilmaning yetakchisi esa, albatta, Vladimir Putin.

Buyuk Britaniya hukumati ommaviy axborot vositalaridan Wikileaks’dan milliy xavfsizlikka daxl etuvchi yangi ma'lumot olib chop etishdan avval ularni ogohlantirishni so‘ragan. Assanj esa, o‘z navbatida, Buyuk Britaniya hukumatiga murojaat qilib, diplomatik telegrammalar chop etilishidan hayotiga tahdid paydo bo‘ladigan amaldorlarning ism-familiyasini sanab o‘tishni iltimos qilgan. U alohida bir insonlarning yashashiga tahdid qiladigan ma'lumotlarni o‘chirib tashlashiga va'da bergan. Hukumat uni Pentagonning maxfiy hujjatlarini noqonuniy qo‘lga kiritishda ayblab, xaker bilan hamkorlik  qilishdan bosh tortgan.

2010 yilning 1 dekabrida Assanj uni nomusga tajovuz qilishda ayblayotgan Shvetsiya hukumatining iltimosiga ko‘ra, London politsiyasiga taslim bo‘ladi. Shunday qilib, Wikileaks asoschisi uning dunyo bo‘ylab erkin harakatlanishiga monelik qiluvchi jinoiy ish ishtirokchisiga aylanib qoladi.

Nomusga tajovuz haqidagi ish va elchixonada berkinish

2010 yilning 20 avgustida Shvetsiya shahvoniy harakatlar va nomusga tajovuz qilishda ayblab, Assanjni hibsga olish haqida order beradi. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Wikileaks asoschisi ikki yosh ayol bilan majburiy jinsiy aloqaga kirishgan.

Dekabr oyida London politsiyasiga o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgach, Assanj shaharni tark etmaslik haqida tilxat yozib beradi. Britaniya hukumati sudda xakerni rasman ekstraditsiya qilish ustida ish boshlagan bir paytda, Wikileaks asoschisi yangidan-yangi appelyatsiyalar beraverib, ishni ketga suradi.

2012 yilning iyunida Britaniya Oliy sudi Assanj advokatlarining uni Shvetsiyaga topshirish ishini qayta ko‘rib chiqish masalasini rad etadi. Bir necha kun o‘tib, Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasiga noqonuniy berkinib oladi va ushbu mamlakatdan siyosiy boshpana so‘raydi. Avgustda u siyosiy boshpanani qo‘lga kiritadi va shundan buyon elchixona hududida umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Julian Assanj Ekvador elchixonasi derazasidan qaramoqda.
Foto: AP

Shvetsiya politsiyasi Assanjni faqatgina nomusga tajovuz qilish bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov qilishni istagani, undan qochish kerak emasligini ta'kidlaydi. Ekvador hukumati esa xakerni elchixona ichida tergov qilishni taklif etishadi, biroq tergovchilar sababini tushuntirmasdan buni rad etishadi.

Assanj elchixona ichidagi dushxona, matras, kitob javoni, yugurish yo‘lagi, kunduzgi yorug‘lik lampasi va kompyuterga ega kichikroq xonada istiqomat qilmoqda. Daily Mail’ga bergan intervyusida u kuniga 17 soat ishlashini, sun'iy yo‘lakda bir necha kilometr chopishini, boks va gimnastika bilan shug‘ullanishini, bo‘sh vaqtlarida filmlar ko‘rishini aytib o‘tgan. Quyosh nuri o‘rnini bosuvchi vitaminlar va oziq-ovqat mahsulotlarini unga do‘stlari va elchixona xodimlari yetkazib turishibdi.

Assanjning Rossiya bilan munosabatlari

Wikileaks 2006 yilda ishga tushirilgach, uning maqsadi faqat G‘arb davlatlarining noqonuniy xatti-harakatlariga emas, shuningdek, «Xitoy, Rossiya va Markaziy Yevroosiyodagi repressiv rejimlar»ga ham qarshi kurashish ekanligini e'lon qilingan edi. 2010 yilda xaker Gruziya bilan urush chog‘ida Janubiy Osetiyaga Rossiya tomonidan qurol-yarog‘ yetkazib berilganligi haqida va Vladimir Putinning xorijdagi maxfiy aktivlari haqida ma'lumot e'lon qiladi. Wikileaks rahbari rus oligarxlariga qarshi kompromatlar e'lon qilishni ham va'da qiladi.

Julian Assanj RT telekanalida ekspert sifatida.
Telekanal ko‘rsatuvidan kadr

Biroq hammasi tezda o‘zgaradi. 2010 yilning 9 dekabrida Kremldagi anonim manba “jamoatchilik tashkilotlari Assanjga Nobel mukofoti taqdim etilishi haqida o‘ylashsa yaxshi bo‘lar edi”, deydi. Ertasi kuni Putin shaxsan o‘zi Wikileaks asoschisini nomusga tajovuz ishi bo‘yicha ayblovlarda himoya qilib chiqadi. Prezidentning fikricha, jinoiy ish to‘qib chiqarilgan va siyosiy xarakterga ega.

2012 yilda Wikileaks asoschisi Rossiyaning Russia Today telekanali dasturlarida ekspertlardan biri sifatida qatnasha boshlaydi. Garchi xaker buning uchun pul olmaganini aytib o‘tgan bo‘lsa-da, Times ma'lumotlariga ko‘ra, Kreml Assanjga efirda qatnashishi uchun yaxshigina pul to‘lab turgan.

O‘shandan beri Wikileaks’da Rossiya haqida shov-shuvli narsalar chiqmay qo‘ydi, Assanjning siyosiy masalalardagi pozitsiyasi esa Rossiyaniki bilan umumlasha boshladi. 2015 yilda u Amerika hukumati azaldan o‘z harbiy qudratini mustahkamlash uchun Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga harakat qilib kelayotganini ta'kidlaydi.

Assanj, shuningdek, «Panama arxivi» ma'lumotlarini ham shubha ostiga oldi. U yerda Vladimir Putinning do‘stlariga tegishli ofshorlar haqidagi ma'lumotlar ham oshkor etilgan edi. Wikileaks asoschisining fikricha, xalqaro surishtiruvchi-jurnalistlar konsorsiumining ishiga Amerika hukumati xufiyona rahbarlik qilgan bo‘lishi mumkin.

Wikileaks’ning sobiq faoli va qatnashuvchisi Daniel Domshayt-Berg (Daniel Domscheit-Berg) ham Assanjning Kreml tarafdori ekanligi haqida gapirib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, 2007 yilda tashkilot asoschisining «dunyoni yaxshilash va jamoatchilik diqqatiga sazovor jinoyatlar haqida gapirib berish»dan iborat «oliy axloqiy maqsadlari» bor edi.

Bergning so‘zlariga ko‘ra, 2010 yildan so‘ng Assanj «AQSh bilan bir tomonlama adovat»ga o‘tib olgan.

2016 yilning martidan boshlab Wikileaks AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Hillari Klintonning obro‘siga daxl qiluvchi ma'lumotlar chop eta boshladi. Ma'lumki, Kreml uning prezident bo‘lishiga ro‘yxushlik bermayotgan edi. 2016 yilning iyulida noma'lum shaxslar AQSh Demokratik partiyasi Milliy qo‘mitasining pochta serverlarini buzib kirishadi. Natijada, Wikileaks keng jamoatchilik uchun mo‘ljallanmagan 20 mingdan ortiq yozishmani oshkor etadi.

Amerika maxsus xizmatlari pochta qutilarini buzgan insonlar kimligini aniqlay olishmadi, biroq Klinton xonim shtabi bunda Rossiya rahbariyati, jumladan, Vladimir Putinni aybladi. Kreml bu ayblovlarni rad etdi, Assanj esa uning tashkiloti Rossiya hukumati bilan aloqa qilmayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Endi Assanjga nima bo‘ladi?

2017 yilning 19 mayida Shvetsiya prokuraturasi Wikileaks asoschisiga qarshi ochilgan nomusga tajovuz qilish jinoiy ishi bo‘yicha surishtiruv ishlarini to‘xtatdi. Xaker tarafdorlarining fikricha, bu qaror BMT ishchi guruhining qarori bilan bog‘liq. 2016 yilda ishchi guruh Buyuk Britaniya va Shveytsiya Assanjni erkin harakatlanishdan mahrum qilib, uning salomatligini xavf ostiga qo‘ygan. Bundan tashqari, 14 may kuni Ekvador hukumati Shvetsiyani tergovni cho‘zib yuborganlikda aybladi.

Nima bo‘lganda ham, xaker Ekvador elchixonasini tark etgudek bo‘lsa Britaniya politsiyasi tomonidan qo‘lga olinishi mumkin. Ularda bu uchun ikkita vaj bor: Assanj elchixonada noqonuniy berkinib, hukumat qaroriga rioya qilmagan va AQShning maxfiy hujjatlarini oshkor qilgan. Har ikki ish Wikileaks asoschisiga qamoq jazosi qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin.

Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasi balkonidan turib,
jurnalistlar bilan suhbatlashmoqda, 2017 yil 19 may.
Foto: Endi Reyna, EPA

Hukumat qanday chora ko‘rishi hozircha noma'lum. 2012 yilning yozida Britaniya politsiyasi Assanjni hibsga olish uchun Ekvador elchixonasiga hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, mamlakat rahbariyati «Diplomatik xonalar haqida»gi qonunga asoslanib, vakolatxonadan diplomatik statusni olib qo‘yishi ham mumkin. AQShning bosh prokurori Jyeff Seshions (Jeff Sessions) Assanjning hibsga olinib, ekstraditsiya qilinishiga erishishini aytib o‘tgan.

2016 yilning oktabrida Ekvador elchixonasi Assanjning faoliyati «AQShdagi prezidentlik saylovlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qilishi» tufayli Wikileaks asoschisining internetini o‘chirib qo‘ygan. Vakolatxonadagilarning aytishicha, bu chora Wikileaks’ning ishiga ta'sir o‘tkazmaydi, shunchaki, Ekvador elchixonasini Assanjga bog‘liq ishlardan ayiradi. So‘ngroq xaker yana internetga ega bo‘ldi, biroq hukumat yana asos paydo bo‘lsa, bu jarayonni yana qaytarishi mumkin.

Biroq internetning o‘chirilishi Wikileaks ishiga jiddiy ta'sir qilmasligi mumkin. 2016 yilning oktabrida, Assanj aloqani vaqtinchalik yo‘qotganida, bu hol AQSh demokratik partiyasining ishi haqidagi minglab hujjatlarning e'lon qilinishiga to‘sqinlik qilmagan. Amerika maxsus xizmati vakillarining fikricha, aynan ana shu axborotlar prezidentlik saylovlariga o‘z ta'sirini o‘tkazgan va Donald Trampning hokimiyat tepasiga kelishiga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid