Jahon | 23:39 / 12.06.2017
18000
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq Qatarning terrorchilarga mo‘ljallangan pullari taqdiri haqida so‘zlab berdi

Foto: AP

Iroq bosh vaziri Haydar Al-Abadiy Qatarning qirollik oilasining o‘g‘irlangan a'zolarini qaytarish uchun terrorchilarga yo‘llagan yuzlab million dollarlari hali-hanuz Bog‘dodda ekanini ma'lum qildi. Reuters shu haqida xabar berdi. 

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, pullar Markaziy bankda. "Bir dollar yoki yevro ham sarflangani yo‘q. Ular hanuz o‘z keysida. Maxsus qo‘mita va Qatar hukumatining ikki vakili pullarning Markaziy bank nazorati ostida joylanishi jarayonini kuzatib turishgan", - deydi Al-Abadiy. 

Pullarni sarflash qarori ham siyosiy, ham yuridik ahamiyatga ega. "U Iroq qonunchiligiga muvofiq qabul qilinadi", - deya ishotirdi bosh vazir.

Uning aytishicha, 2015 yilda Qatar xususiy samolyoti Bog‘dodga kelib qo‘nganida Iroq hukumati yuzlab million dollar joylangan jamadonlarni musodara qilgan. Bunga Qatarning Bog‘doddan beruxsat pullarni Iroq hududidagi terrorchilarga topshirishni rejalashtirgani sabab bo‘lgan, deya ta'kidladi Al-Abadiy.

2015 yilda Iroq janubida, shia jangarilari joylashgan hududda ov qilib yurgan Qatar qirollik oilasi a'zolari bo‘lgan 26 kishilik guruh asir qilib olingan. Qatar qanday qilib ularni qutqarishga muvaffaq bo‘lgani hanuz noma'lum. Terrorchi guruhlarning hech biri o‘g‘irlik uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmagan. 

Mavzuga oid