Jamiyat | 17:30 / 05.08.2017
25432
3 daqiqa o‘qiladi

Piskentda yangi jome masjidi qurilib, foydalanishga topshirildi (foto)

Foto: Musulmonlari idorasi

O‘zbekistonda bunyod etilayotgan ulkan qurilishlar qatorida Piskent tumani markazida ham yirik inshoat, jome masjidi qurilib, namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi veb-sayti xabar berdi.

2017 yilning 29 iyuli piskentliklar uchun unutilmas kun bo‘ldi. Masjidning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi X.Turmatov, Piskent tuman xokimi A.Akramov, Piskent tuman bosh imom-xatibi va Olmaliq shahar bosh imom-xatibi X.Ortiqovlar so‘zga chiqib, namozxonlarni bu qutlug‘ dargoh, go‘zal koshona, e'tiqod maskani bilan qutladilar, so‘nggi yillarda mamlakatda din erkinligi sohasida, namozxonlarning ibodat qilish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Masjid ahli yangi masjid binosida Toshkent viloyati bosh imom – xatibi boshchiligida ilk bora peshin namozini o‘qidilar. “Piskent” jome masjidida ibodat qiluvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Namozxonlarning yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilgan e'tibor sabab qalblari xursandchilikka to‘ldi.

Masjid kishini o‘ziga ohangrobodek tortadi. Masjidga kirgan kishining undan chiqqisi kelmay qoladi. U birvarakayiga 2000 namozxonni sig‘dirish imkoniyatiga ega. Loyihaga asosan o‘ta mustahkam ta'mal toshi ustiga pishiq g‘ishtdan qurilgan. To‘rt mezanali, gumbazli, o‘ta salobatli. Masjidni gumbazi o‘ta chidamli metalldan Olmaliq metall zavodida yasalgan. Tomi eng zamonaviy metall qoplama bilan yopilgan. Shifti gipsokarton bilan qoplangan, isitish uchun penoplast to‘shalgan. Eshik va derazalariga zamonaviy akfa romlari o‘rnatilgan. Poldan isitish moslamasi o‘rnatilgan. Polga bir sidirg‘a 1200 kv.metr gilam poyandoz to‘shalgan.

Zina, hovli sahni va yo‘lkalarga kafel va bruschatkalar yotqizilgan. Tahoratxona va mustahabxonalar eng zamonaviy uslubda jihozlangan. Mo‘jazgina kutubxona tashkil etilgan. Masjid sahni obod, ko‘kalamzorlashtirilgan. Manzarali daraxt va gullar ekilgan.

Mavzuga oid