O‘zbekiston | 18:10 / 21.08.2017
50406
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida 6 hokim almashdi

Samarqand viloyatida bir kunda 6 nafar hokim almashdi. Viloyat ma'muriy markazi Samarqand shahri hokimi almashtirilgani, shaharga Vohid Rahimov o‘rniga Furqat Rahimov hokim etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.

Viloyatning bir necha tumanlariga ham yangi hokimlar kelgan. Qarorlar xalq deputatlari viloyat kengashining 21 avgust kungi yig‘ilishida tasdiqlangan.

Viloyat hokimi matbuot xizmatining KUN.UZ nashriga ma'lum qilishicha, Bulung‘ur tumani hokimi Furqat Jalolovich Rahimov Samarqand shahar hokimi vazifasiga o‘tkazilgach, uning o‘rniga Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Bahodir Bahromov kelgan.

Samarqand shahrining sobiq hokimi Vohid Rahimov avval xabar berganimizdek, viloyatning Paxtachi tumaniga hokim etib tayinlangan.

Samarqand tumanida ham hokim almashtirilgan. Shu kungacha bu lavozimni egallab kelgan Botir Mamirovich Qodirov o‘rniga Shuhrat O‘roqovich Jamolov tayinlangan. Sh.Jamolov shu paytgacha Davlat soliq qo‘mitasi qoshidagi respublika axborot-maslahat markazining hududiy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tayloq tumani hokimi vazifasida ishlab turgan Po‘lat To‘ychiyevich Ahmedov ham lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rniga Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Bahodir Sayfillayevich Sa'dullayev Tayloq tumani hokim etib tayinlangan.

Kattaqo‘rg‘on shahriga esa «MT-Invest Impeks» kompaniyasiga rahbarlik qilgan Muzaffar Qodirovich Hoshimov hokim etib tayinlangan.

Mavzuga oid