Iqtisodiyot | 07:55 / 30.08.2017
6662
3 daqiqa o‘qiladi

Hyundai AQSh mudofaa tizimlari sababli Xitoydagi ishlab chiqarishini to‘xtatdi  

Foto: EPA

Janubiy Koreyaning Hyundai avtomobilsozlik kompaniyasining Xitoydagi barcha 4 ta zavodi ishlashdan to‘xtadi. Bunga ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi kompaniya unga to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda Yonhap axborot agentligi. 

Kompaniyaning Xitoydagi zavodlari u va Xitoyning BAIC Motor kompaniyasining qo‘shma korxonasi bo‘lgan Beijing Hyundai Motor’ga tegishli.

“Ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi mahalliy kompaniya Beijing Hyundai’ga plastmassa yoqilg‘i baklarini yetkazib berishdan bosh tortdi, chunki ishlab chiqaruvchi yetkazib berilgan ehtiyot qismlar pulini to‘lay olmadi”, deb izoh bergan vaziyatga Beijing Hyundai Motor vakili. Axborot agentligining ma'lum qilishicha, kompaniyaning yetkazib beruvchi oldidagi qarzi 17 mln dollarni tashkil qiladi. Biroq Hyundai to‘lovlar ushlanishi haqidagi ma'lumotni rasman tasdiqlamagan.

The Korea Herald nashri ma'lumotlariga ko‘ra, to‘lovlar ushlanishi bo‘yicha javobgarlik Hyundai emas, balki Beijing Hyundai zimmasidadir. Beijing Hyundai esa Xitoyda Janubiy Koreyaga qarshi kayfiyatlar oshayotgani ortida savdo hajmining pasayishi bilan bog‘liq muammolarni boshdan o‘tkazmoqda.

Janubiy Koreyaga qarshi kayfiyatlar oshayotganiga Seulning o‘z hududida AQShning THAAD raketalarga qarshi mudofaa tizimini joylashtirishga ruxsat bergani sabab bo‘lmoqda. Xitoy esa bunga qarshi chiqmoqda. Uning fikricha, bu tizim radarlari Pekinning harbiy faoliyatini kuzatishga imkon beradi.

Janubiy Koreyaning avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi vakilining ma'lum qilishicha, odatda kompaniya o‘z yetkazib beruvchilariga haqlarini ikki oy ichida to‘lab beradi, biroq ba'zi yetkazib beruvchilar 6 oydan beri haqlarini ololmayaptilar. 

Kompaniyaning zavodlaridan 3 tasi Pekinda, bittasi esa Xanchjouda joylashgan. Kompaniya, shuningdek Xitoyning markaziy qismidagi Chuntsin shahrida ham bir zavod qurgan, biroq u hali ishga tushmagan.

Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda Hyundai avtomobillari savdosi joriy yilning 2-choragida avvalgi yildagiga nisbatan 64 foizga kamayib ketgan va 105 ming donani tashkil qilgan.   

Mavzuga oid