O‘zbekiston | 23:40 / 05.09.2017
115516
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Toshkentda o‘g‘irlangan avtomobil o‘qqa tutildi

Bugun, 5 sentabr kuni Toshkent shahrida huquq tartibot organlari xodimlari olib qochilgan Spark avtomobilini to‘xtatish uchun uni o‘qqa tutishdi.

Taxminan soat 17:30-18:00 oralig‘ida Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on (Darxon) ko‘chalari chorrahasida oq rangli Spark avtomobili svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan harakatlangan va yo‘lidagi boshqa avtomobillarga shikast yetkazgan.

Bu holat videosi internetda tarqaldi. Videoda ichida bir necha kishi bo‘lgan avtomobilni militsiya xodimlari o‘rab olib, to‘xtatishga harakat qilgani, so‘ng bir necha marta o‘q uzilganini ko‘rish mumkin. Lekin avtomobil qurshovdan chiqib, yo‘lida harakatlangan.

4 sentabr kuni ertalab Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» (Drivers.uz) guruhida avtomobil o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi xabar e'lon qilingandi. Taxminlarga ko‘ra, bu o‘sha avtomobil bo‘lishi mumkin. 

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, ushbu avtomobil Botkin qabristoni yaqinida topildi. Internetda orqa bamperi osilib qolgan, g‘ildiraklari teshilgan holatdagi avtomobil surati tarqaldi. 

Hodisa yuzasidan Toshkent IIBB rasmiy xabar berdi. Xabarda tezkor tadbir jarayonida avtomobilni to‘xtatish va mashina bilan piyodalar va haydovchilarga zarar yetkazishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quroldan foydalanilgani tasdiqlandi. Ayni paytda o‘g‘rilar qo‘lga olingani to‘g‘risida ma'lum qilinmadi.

Mavzuga oid