Light | 12:40 / 12.09.2017
37399
17 daqiqa o‘qiladi

Shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiyalarning kutilmagan 10 salbiy jihati

Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib bormoqda va aksariyat odamlar kundan-kunga yangilari chiqayotgan aqldan ozdiruvchi narsalarning paydo bo‘lishini sabrsizlik bilan kutishadi. Olimlar esa soha yetakchilari bilan bir qatorda bizga o‘zi boshqariladigan mashinalar sovg‘a qilish (qayoqda, aslida sotish!), bizni virtual voqelik qa'riga yanada cho‘ktirish, sayohatlarni tezlashtirish va tijorat kosmik parvoziga jo‘natish va hokazolar istagida.

Hozircha ko‘pchilik ommaviy bozorda yangi ishlanmalarni sabrsizlik bilan kutib turar ekan, ayrim insonlar bir zum to‘xtab, bo‘layotgan ishlar haqida o‘yga cho‘mib qolmoqda. Gap shundaki, bu texnologiyalarning ko‘pchiligisiz ham bemalol yashasa bo‘ladi, ayrim hollarda ularning ba'zilari ochiqchasiga hayot uchun xavfli. Rivojlanayotgan texnologiyalar zamonaviy hayotni jiddiy tarzda murakkablashtirishi, yechganidan ko‘ra ko‘proq muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

 

O‘zi boshqariluvchi avtomobillar va etika muammolari

O‘zi boshqariluvchi avtomobillar, ko‘pchilikning nazdida bizni kelajakka itqitib yuboruvchi ulkan to‘lqindir. Biz o‘zi uchar avtomobillar ishlab chiqarishiga yetisha olmadik, lekin boshqarishga hojat bo‘lmaganlarini ko‘rsak kerak. Odamlarning gap-so‘zlari va tobora o‘sib borayotgan kompaniyalar shundan dalolat berib turishibdi, harqalay. Biroq, o‘zi boshqariluvchi kompaniyalarga bog‘liq bo‘lgan ko‘plab muammolar borki, ular gigant bozorga aylanib, oddiy avtomobillarning ulushini paqqos tushira boshlashidan oldin hal etilmog‘i lozim.

Dastlab ular xavfsiz va to‘g‘ri ishlashiga ishonch hosil qilinishidan ham ko‘ra, etikaga oid muammolar ham hal qilinmog‘i kerak. Ko‘plab insonlar tomonidan berilayotgan savolning mazmuni shundan iborat: ko‘chadagi begunoh insonlar va mashina ichidagi odamning hayotini tanlash kerak bo‘lgan vaziyatda mashina qanday qarorga keladi? Science Magazine jurnalida nashr etilgan, deyarli 2000 inson ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, garchi insonlar fuqarolarning himoyasi birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak, deb hisoblashsa-da, yo‘lovchidan ko‘ra ko‘chadagi boshqa fuqarolarning hayoti ustuvorligiga dasturlashtirilgan mashinalarni xarid qilmasliklarini bildirishgan.

Bu boshqotirma o‘zi boshqariluvchi avtomobillarning keng omma uchun ishlab chiqarilishiga yaxshigina to‘g‘anoq bo‘ladi. Ba'zi bir ekspertlarning fikricha, alohida bir shaxslar nima deb o‘ylashidan qat'i nazar, bunday avtomobillarni hakerlardan himoya qilish ham bir muammo bo‘ladi, chunki ular mashinani boshqaruvini qo‘lga kiritib, yo‘lda qo‘rqinchli va katta talofatlar keltirib chiqarishlari mumkin.

 

Virtual voqelik ruhiy bezovtalikka sabab bo‘lishi mumkin

Virtual voqelik ham tez rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Oculus Rift kabi kompaniyalar o‘yin dunyosiga yaxshi mo‘ljal olishgan va tibbiyot sohasida ham vrachlar va hamshiralarga hech kimning hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan yangi narsalarni o‘rgatishga o‘tishgan. Lekin bu texnologiya taraqqiy topishi bilan birga u tobora o‘z domiga torta boradi va ba'zi hollarda bu yaxshi hamda foydali bo‘lishi mumkin. Ya'ni, qanchalik o‘ziga maftun etsa, shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Biroq, agar bevosita o‘yinlar haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘z sog‘lig‘ini o‘ylamaydigan insonlarda ruhiy bezovtalikning jamiki turlariga to‘qnash kelishimiz mumkin. Bugungi kunda hech qanday virtual voqeliksiz ham ko‘p o‘yin o‘ynaganlar to‘satdan o‘lib qolmoqda. Ba'zilar o‘yinqaroqlik tufayli o‘z umrini sovurib yubormoqda. Kimdir bu narsaga mukkasidan ketsa, undan ajralishi juda qiyin bo‘ladi va bog‘liqlikning yana bir jiddiy turi namoyon bo‘ladi. Ular voqelik bilan aloqani shu darajada yo‘qotib qo‘yishlari mumkinki, o‘yinni hayotdan ajrata olmay qolishadi.

 

Dronlar insonlarni g‘azablantirmoqda

Uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar shunchalik keng tarqalmoqdaki, tez orada kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib qolishadi. Qachonlardir uchuvchisiz dronlar harbiy zona ustidan uchib, boshqa mamlakatlarda insonlar ustiga bomba yog‘diruvchi ulkan samolyotlar edi. Bugun mo‘'jaz dronlarni oddiy do‘kondan xarid qilish mumkin, ayrim kompaniyalar esa o‘z mahsulotlarini dronlarda yetkazishni mo‘ljallamoqda. Yaqin orada biz ko‘chada mudom mahsulot tashiyotgan, ko‘chalardagi tartib ustidan nazorat qilayotgan va osmonda turli funksiyalarni bajarayotgan dronlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bosh uzra muallaq ravishda doimiy g‘o‘ngillab turish bizni aqldan ozdira boshlaydi.

Siz do‘kondan xarid qilishingiz mumkin bo‘lgan tijorat dronlari biroz shovqin chiqaradi, dronlar qanchalik ko‘p bo‘lsa ularning shovqini ham orta boradi. Doimo dronlar bilan to‘qnash kelishga mahkum bo‘lgan Yaman qishloqlarida hozir odamlar esidan og‘ib qolmoqda — doimiy g‘o‘ngillashdan qochib bo‘lmasligi sababli. Afsuski, dronlar yordamida yuk yetkazish va shunga o‘xshash narsalar kundalik yumushga aylansa, dronlar shaharlarda tunu kun parvoz qila boshlaydi: hech qachon to‘xtamasdan, bizni g‘o‘ngillagancha doimo kuzatib.

 

Shamol va quyosh fermalari yovvoyi tabiat kushandasi

Quyosh va shamol fermalari bugungi kunda tabiatni muhofaza qilish tarafdorlari va ekspertlar tomonidan energiya ishlab chiqishda tabiatni asrash uchun eng maqbul yo‘l sifatida ko‘rilmoqda. Ular atrof-muhitni ifloslantirmaydi va bitmas-tuganmas, chunki shamol ham, quyosh ham hech qayoqqa ketmaydi. Ularning ko‘mirdan toza ekanligi va bitmas tuganmasligi ideal ekanligini anglatmaydi, aslo.

«Yashillar» quyosh va shamolning eng katta fanatlari ekanligini dalil qilib, e'tiroz bildirishingiz mumkin, lekin tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari bunday zavodlarning kundan kunga ko‘payayotganidan tashvishda. Gap shundaki, shamol va quyosh fermalari yovvoyi tabiatni, hayvonot olamini, ayniqsa qushlarni qirib yubormoqda. Garchi tadqiqotlarga ko‘ra shamol energiyasi ko‘mirga nisbatan kamroq zararli ekanligi hisoblab chiqilgan esa-da, quyosh fermalari borasida hozircha bunday ma'lumot yo‘q. Qushlar quyosh panellari o‘rnatilgan massivni ko‘rib, uni ko‘l deb o‘ylashadi va u tomon uchib, yarim yo‘lda yonib ketadi. Bu borada ko‘plab yechimlar taklif etilgan, lekin ularning birortasi samarali chiqmagan.


Tijoriy kosmik parvozlar sog‘liqqa ziyon

Kosmik sayohatlar bir paytlar ayrim barqudrat davlatlarninggina imtiyozi sanalardi, bugungi kunda ko‘plab davlat vakillari kosmosda bo‘lib qaytishdi, aksariyat davlatlar o‘z sun'iy yo‘ldoshiga ega, xususiy kompaniyalar ham kosmos bilan shug‘ullanmoqda. Virgin Galactic kosmosga sayr qilish uchun o‘z «attraksion»larini ishlab chiqmoqda, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi esa bir necha marta kosmosga yuk olib chiqib, o‘z raketasini ham bir necha bor qayta qo‘ndirdi. Kelajakda kompaniya astronavtlar bilan birga oddiy fuqarolarni ham olib chiqmoqchi. Garchi har qanday inson bir muddat kosmosda bo‘lishni istasa-da, hali ko‘p muammolarni hal etish kerak.

Gap shundaki, kosmosda bo‘lishi inson sog‘ligi uchun u qadar foydali emas. NASAning faqat jismonan baquvvat insonlarni kosmik stansiya bortiga jo‘natishiga sabab — kosmik parvoz inson organizmiga o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatadi, shu sababli astronavtlarga birvarakayiga faqat olti oy mobaynida kosmosda bo‘lishlariga ruxsat etiladi. Kosmosda o‘tkazilgan vaqt suyak zichligiga ta'sir ko‘rsatishi, ko‘z nurini kamaytirishi va sog‘liqqa bog‘liq boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. NASA va boshqa ekspertlar mo‘rt va qariya turistlar kosmosda doimiy qolib ketishi yoki jiddiy dard orttirib olishlari mumkinligidan ogohlantirishadi.

 

Shiddatli sanoatlashish shovqin bilan ifloslanishga sabab bo‘ladi

Insonlar sanoatni yaxshi o‘zlashtirib olishdi va u so‘nggi bir necha yuz yil ichida shiddat bilan rivojlanib bordi va dunyo endi avvalgidek ko‘rinishga ega emas. Avvaliga kemalar, so‘ngra samolyotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi, poyezd va yo‘llarsiz savdo-sotiq ham, farovon hayot ham bo‘lmasdi. Albatta bularga bog‘liq bo‘lmagan odamlar tobora kamaymoqda, lekin atrof-muhit ham undan zarar ko‘rmoqda.

Ayrimlarga sanoat ifloslanishining fizik tomonlarini baholash yoqadi, masalan, kimyoviy moddalar bilan, lekin ular shovqin bilan ifloslanishni unutib qo‘yishmoqda. Bir necha yil muqaddam insonlar tomonidan yaratilayotgan shovqinning katta qismi bo‘lmagan. Samolyotlar, yirik fabrikalar va hattoki radio bo‘lmagan. Hamma yoqda sokinlik va tinchlik hukmron bo‘lgan (hozirga taqqoslansa), yirik shaharlarning faolligi tunda butkul tinardi. Insonlar shovqinidan xoli ko‘plab joylarni topish mumkin bo‘lgan. Bugunga kelib buning amalda iloji yo‘q.

Ayrimlar insonlardan xoli joylar qidirib, juda uzoqlarga, hattoki g‘orlarga joylashib olishgan, lekin ular ham shovqindan uzoq qochib qutilolmaydi. Bu muammoni yetarli tarzda tez yechib bo‘larmikan, qaytaga chuqurlasha bormasmikan?

 

Hyperloop sog‘liq uchun zararli bo‘lishi mumkin

Ilon Mask — juda ambitsiyali lider. U nafaqat elektromobillar ustida ish olib boradi, insonlarni mudom sun'iy idrokning xavfi borasida ogohlantirib ham turadi. U quyosh energiyasi ustida ish olib bormoqda, kosmik korporatsiyasiga ega, Los-Anjyelesdan San-Frantsiskoga qadar AQSh bo‘ylab insonlarni soatiga 1300 km tezlikda tashish mumkin bo‘lgan ulkan quvur ham qurmoqchi. Bu narsa maglev singari ishlaydi, lekin Mask ularni vakuum quvuriga joylab, havoning qarshiligini olib tashlab, ularni misli ko‘rilmagan tezlikda tashimoqchi.

Garchi, qog‘ozda bularning barchasi juda hayratlanarli ko‘rinsa-da, ayrimlar bu g‘oyada o‘ziga xos muammolar ko‘rmoqda. Asosiy muammo shundaki, insonlar garchi to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanishsa-da, bunday katta tezlikka bardosh bera olishmaydi. Bu holatda uni geologik xususiyatlar tufayli absolyut to‘g‘ri qilishning ham imkoni yo‘q. Har qanday silkinish yoki vakuum bilan bog‘liq muammo fojiali yakun topadi, chunki soatiga 1300 km tezlikda chora ko‘rish uchun fursat yetmaydi. Mask yana mashinalar o‘rtasida 8 km masofa ushlashni taklif etmoqda, ya'ni kapsulalar har 4 soniyada harakatlanib turadi. Ehtimol, Hyperloop ko‘proq yuk tanish uchun mos kelar, lekin insonlarni emas.

 

3D-printerlar atrof-muhit uchun zararli bo‘lishi mumkin

3D-printerlar allaqachon kelajak uchun chipta sifatida taqdim etilmoqda, garchi hanuzgacha biror ishni qoyil qilib qo‘ymagan esa-da. Bunga sabab, avvalo texnologiyaning hanuz juda qimmatligi bo‘lsa, yana bir sabab uning ko‘plab prototipi ishlanmoqda. Hanuzgacha hech kim 3D-printerni qanday qilib keng omma uchun mo‘ljallangan uskuna qilishni o‘ylab topolganicha yo‘q va ko‘plab kompaniyalar hamon undan foydalanishning maksimal foydali usulini axtarmoqda. 3D-printerlar har bir uyda paydo bo‘lishi va ko‘plab foydali ilovalarga ega bo‘lishi vaqtga bog‘liq masala ekanligi aniq. Biz bunga borgan sari yaqinlashganimiz sayin 3D-printerlarni ishlatishning ekologik xatarlariga duch kela boshlaymiz.

Unga bog‘liq ikkita muammo tilga olinmoqda; birinchisi — chiqitlar. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, uyda foydalaniladigan 3D-printerlar ishlatish mobaynida sigaretadan qancha zarar bo‘lsa shunchalik zarar keltiradi. Bundan ko‘p tashvishlanmaslik kerak, gaz plitasining chiqiti ham shuncha. Biroq muammo mavjud va hal qilinishni talab etadi.

Ikkinchi muammo shundan iboratki, 3D-printerlarning ko‘pchiligi arzon plastik ipdan foydalanadi va u chirimaydi, bu esa atrof muhit uchun juda yomon. U chiqindixonalarni to‘ldiradi va plastiklardan foydalanish hajmini qisqartirishga bel bog‘lagan «yashillar» harakatiga zid. Garchi bu mummolar ustida 3D-printerlar ommalashuvidan oldin ishlash mumkin bo‘lsa-da, ularni unutmaslik kerak bo‘ladi.

 

O‘yinchoq lazerlar uchuvchilarni ko‘r qilmoqda

Lazer texnologiyalari shunchalik rivojlandiki, bugun biz lazer ko‘rsatkichini qo‘limizga olib, zarur bo‘lsa tunda yo‘limizni yoritishimiz mumkin. Butun dunyo bo‘ylab saytlar arzon lazerlar sotishmoqda, ular misli ko‘rilmagan masofalarga yetib borishi mumkin va katta kuchga ega. Texnologiyalarni sevuvchilarning azaliy orzusi ushaldi. Lazerlarni bolalarga sovg‘a qilish mumkin, lekin muammo shundaki, lazerlar o‘yinchoq emas, xavfli jihatlari mavjud bo‘lgan texnologiya sanaladi. Bolakaylar uni ko‘zga tutib, o‘zining yoki boshqalarning ko‘zini olishi, umrbod ko‘z nurini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu hali hammasi emas.

Ko‘plab insonlar yo bilmasdan, yo ataylab samolyotlarga lazer tutishadi. Bu esa zarar keltiradi. Lazer samolyot kabinasiga tutilsa, uchuvchining ko‘zini olishi va samolyotni qo‘ndirishda muammo keltirib chiqarishi mumkin. Agar uchuvchi lazer nuriga ko‘proq tikilsa, ko‘z nurini yo‘qotishi va mumkin, uning ko‘z nuri picha pasaysa ham ishdan haydalishini hamma ham bilmasa kerak. Samolyotga lazer tutish AQShda jinoyat sanaladi, ko‘plab davlatlarda taqiqlangan. Lazerni samolyotlar, avtomobillar va insonlarning yuziga tutmaslik kerak.

 

Internet darg‘azab insonlar uchun Susambilga aylandi

Internet dunyoni juda tez o‘zgartirib yubordi. Bugun uyg‘onishimiz hamono, hali choyshabni tark etmasimizdanoq qo‘limizni smartfonga cho‘zamiz. Biz yangiliklarni bilishni istaymiz. Biz uxlayotganimizda tanishlarimiz va do‘stlarimiz nima bilan mashg‘ul bo‘lganini bilishni xohlaymiz. Har qanday axborotni cho‘ntakdan chiqarish mumkin bo‘lgan zamonlar keldi. Bilimlar ummoniga yo‘l ochildi, uzoqda turgan insonlar birlashmoqda, yonma-yon turganlar esa uzoqlashmoqda. Albatta, jamiyat uchun Internet ikki uchli tayoqqa aylandi.

Ilgari pedofil yoki shunga moyilligi bo‘lgan insonlar unga tenbeh beruvchi, kamida uni qo‘llamaydigan insonlar qurshovida bo‘lar edi. Internet esa buni o‘zgartirdi. Pedofillar va boshqa yaramas guruhlar endi o‘zlariga o‘xshash millionlab insonlarni topishi mumkin, chunki butun olam bitta joyga jamlangan. Ular fotosuratlar almashishi, o‘zlarining jirkanch xotiralari bilan o‘rtoqlashishi va bunda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari mumkin bo‘lmoqda. O‘zlarining jirkanch, esi pastlarga xos ishlarini oqlab ham qo‘yishmoqda. Nafaqat pedofillar, aqldan ozgan boshqa bir toifadagi insonlar ham bir joyga to‘planib, bir-birlarini qo‘llashlari mumkin bo‘lmoqda. Bu esa o‘ta qayg‘uli holat.

Mavzuga oid