Jahon | 07:55 / 15.09.2017
13218
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Tinch okeani tomon raketa uchirdi

Foto: KCNA / Reuters

Shimoliy Koreya navbatdagi ballistik raketa sinovini o‘tkazdi. Bu haqda janubiy koreyalik harbiylar ma'lum qilishgan.

“Ryonxap” axborot agentligining ma'lum qilishicha, raketa sharqiy yo‘nalishda uchirilgan. NHK yapon telekanalining Yaponiya mudofaa vazirligiga iqtibos keltirgan holda xabar qilishicha, raketa Tinch okeani tomon yo‘nalib, Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tgan holda Xokkaydo orolidan 2 ming km uzoqlikda tushgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, raketa mahalliy vaqt bilan soat 7:06da (Toshkent vaqti bilan soat 3:06da) uchirilgan. Yaponiya hukumati xabarlarida aytilishicha, raketa soat 7:16da Erimo burnidan sharqiy tomonda suvga tushgan.

Raketa uchirilishi munosabati bilan Yaponiya hukumati mamlakatning shimoliy tumanlari aholisi uchun favqulodda ogohlantirish e'lon qilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, raketaning qulashi vaqtida hech kim jabrlanmagan. Yaponiya mudofaa vazirligida aytilishicha, harbiylar raketa xavf solmagani sababli unga qarshi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini qo‘llashmagan.   

Janubiy Koreya armiyasi raketa parvozi haqida ma'lumotlar aniqlashtirlayotganini ma'lum qilgan. Vaziyatni muhokama qilish uchun Janubiy Koreya milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi chaqirtirilgan. Unga mamlakat prezidenti Chje In Mun boshchilik qiladi.

Shimoliy Koreya navbatdagi ballistik raketani uchirishga tayyorlanayotgani haqida sentabr boshida ma'lum bo‘lgandi. Bu ogohlantirish Shimoliy Koreya 3 sentabrda 250 kilotonnalik vodorod bombasini portlatib, yer osti yadro sinovini o‘tkazgandan keyingi kunga e'lon qilingandi.

Mavzuga oid