Jahon | 11:10 / 04.10.2017
19888
2 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegas «mergani» bilan birga yashagan ayol AQShga olib kelindi

Las-Vegasda tungi konsert tashrifchilarini o‘qqa tutgan Stiven Peddok bilan bir muddat yashagan, keyinroq sayohatga jo‘nab ketgan Meril Denli AQShga keldi. Bu haqda Associated Press xabar tarqatdi.

Huquq-tartibot organlari ma'lumotiga ko‘ra, 3 oktabr kuni Los-Anjyelesdagi aeroportga kelgan, uni bu yerda FQB agentlari kutib olishgan. 

NBC telekanali xabariga ko‘ra, Denli sentabr oxirida sayohatga yo‘l olgandi, u 25 sentabr kuni Hongkongda bo‘lgan, 1 oktabr kuni esa Filippinda edi.

CBC telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Peddok o‘z turmush o‘rtog‘i bilan 27 yil ilgari 6 yillik nikohdan keyin ajrashgandi. Politsiya avvaliga Denli xonimni Peddokning rafiqasi deb hisoblagandi, ammo ular nikohdan o‘tmagani ma'lum bo‘ldi. Ular 2015 yildan beri Meskit shaharchasidagi uyda birga yashab kelishgan.

Hukumat Denli ushbu ommaviy qotillikka aloqador emasligini ma'lum qilgan. Las-Vegas sherifi Jozef Lombardo esa tergov davomida ushbu ayolga savollar borligini bildirdi.

Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Denlining shoshilinch ravishda AQShga qaytarilishini FQB nazorat qildi.

Mavzuga oid