Jamiyat | 11:32 / 22.10.2017
53821
7 daqiqa o‘qiladi

“Marmaris” restoranidagi hangoma yoxud “Dress-code”ni joriy etishdagi xatolik

Arxiv surat / Resto.uz

Bugungi kunda talay mamlakatlardagi umumiy ovqatlanish muassasalarida xo‘randalar va mehmonlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish hamda noqulayliklarning oldini olish maqsadida “Dress-code” joriy qilinishi oddiy holga  aylanib qolgan.

Xo‘sh, “Dress-code” nima degani?

Bu atama inglizcha bo‘lib, “Libos kodeksi” degan ma'noni bildiradi. Aniqrog‘i, muayyan tadbirlar, tashkilotlar va muassasalarga borganda kiyilishi qat'iy talab etiladigan liboslarni anglatadi. 
Darvoqe, ba'zi tashkilotlarda muhim qarorlar qabul qilish (masalan, ish bo‘yicha muzokaralar olib borish) bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish jarayonida  ishtirokchilar  kiyimlariga katta e'tibor qaratiladi. Ofisda ishlovchi xodimlar kiyadigan liboslar ham ko‘pincha qat'iy belgilab qo‘yiladi. 

“Dress-code” ma'lum bir tadbir uchun mo‘ljallangan kiyinish uslubini xarakterlovchi o‘z belgilari va qoidalariga ega. Odatda bu uslub tadbirga taklifnomada ko‘rsatiladi. 
Sirasini aytganda, “Dress-code” amalda bo‘lgan joylarga siz xuddi to‘yga ketayotganday yasanib, zamonaviy xonim yoki zamonaviy janob bo‘lib borishingiz shart, aks holda, o‘sha  muassasalarga kirishingiz amri mahol.

So‘nggi paytlarda bu yanglig‘ tartib-qoidalarni qo‘llash bizning yurtimizda ham urf bo‘lmoqda. Albatta, u milliy qonunchiligimizga zid kelmasligi, iste'molchilar huquqlarini poymol etmasligi, hamma uchun barobar bo‘lishi zarur. Amalda esa, ba'zan teskarisi bo‘layapti. Mana, bir misol.      

Yaqinda qo‘mitaga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Ro‘zmetov poytaxtimizdagi mashhur “ILK BIZNES” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Marmaris” restoranida ro‘y bergan “Dress-code” bilan bog‘liq voqea to‘g‘risida xabar yo‘lladi. Ta'kidlashicha, uning  o‘rtoqlari “Marmaris” restoranida ovqatlanish uchun oldindan buyurtma berishadi. Belgilangan kuni soat 20.00 da do‘stlari restoranda jam bo‘lib, xizmatchilardan bir necha xil taomlar (salat, ichimlik, suyuq va quyuq ovqatlar)ga keltirishlarini so‘rashadi.  

Keyinroq D.Ro‘zmetov restoranga kirib kelgan vaqtda esa egnida asosan golf va tennis o‘ynaganda kiyiladigan kalta yengli va yoqali (polo) sport kiyimi, oyog‘ida esa krasovka bor edi. Restoranning qo‘riqlash xizmati xodimlari va menejyeri uni to‘xtatib, restoran ichki qoidalariga ko‘ra, unga sport kiyimida kirish mumkin emasligini aytishadi. Xuddi shu lahza D.Ro‘zmetov restoranda bu talabga rioya qilmagan holda yurgan xo‘randalarni ko‘rib qoladi-yu, “U holda, anavi kishilarni nega kiritdingiz?” deb so‘raydi. Evaziga “Xorijlik mehmon bo‘lgani uchun ularga mumkin”, degan javobni eshitadi... 

Murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, “Marmaris” restoraniga tashrif buyuruvchi mijozlar uchun, haqiqatan ham, alohida qoidalar ishlab chiqilgan bo‘lib, sport kiyimidagi kishilarning unga kirishi taqiqlangan.  

“Bu talab sport kiyimida bo‘lgan chet el fuqarosiga nisbatan ham tatbiq etiladimi?” degan savolga javoban restoran mulozimlari “ular istisno tariqasida kiritilishlari mumkin”ligi ma'lum qilishdi. Ammo restoran rahbariyati joriy etgan qoidalar ko‘zdan kechirilganda, ularga amal qilmasligi mumkin bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida alohida band yo‘qligi ayon bo‘ldi. 

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida iste'molchilar tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) to‘g‘risida to‘g‘ri va to‘liq ma'lumot olish huquqiga egaligi qayd etilgan. Ushbu qonunning 5-moddasida esa ishlab chiqaruvchi o‘z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste'molchini xabardor qilishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bunday ma'lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko‘rsatilgan bo‘lishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) iste'molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish qoidalari xususida batafsil ma'lumot berishi shartligi ko‘rsatilgan.  

Yuqorida tilga olingan holatda esa qonun talablari buzilishi alomatlari aniqlandi. Uni bartaraf etish uchun “ILK BIZNES” MChJga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktabrdagi 225-sonli qarori bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Pirovardida komissiya qaroriga asosan “ILK BIZNES” MChJ mas'ullari “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 5-, 6- va 21-moddalari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yishgan degan xulosaga kelindi va sodir etilgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berildi. 

Shuningdek, korxona kelgusida bunday qonunbuzarliklar takrorlanishi oldini olishi, iste'molchilarga xizmatlar ko‘rsatishda shaffoflikni ta'minlashi, xo‘randalarni millati yoki ijtimoiy kelib chiqishiga qarab kamsitmaslik bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishi, restoran tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida to‘liq va o‘z vaqtida ma'lumotlar taqdim etishni yo‘lga qo‘yishi, uning rasmiy sayti yoki boshqacha tarzda yetkazib berish mumkin bo‘lgan vositalar orqali mijozlariga restoranning ichki qoidalari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlarni joylashtirishi lozimligi eslatib o‘tildi.

“ILK BIZNES” MChJ rahbariyati bu talablarni bajarib, qo‘mitaga tegishli tartibda ma'lumotlar taqdim etdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, har qanday tartib-qoida tenglik va adolat tamoyillari asosida  yaratilishi hamda uning talablari hamma uchun baravar bo‘lishi  kerak! 
 

Abdurahmon RAUPOV,
Davlat Raqobat qo‘mitasi
Reklama faoliyatini nazorat qilish va
iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish
boshqarmasi bosh mutaxassisi
.

Manba: biznes-daily.uz

Mavzuga oid