Sport | 11:00 / 14.11.2017
16415
5 daqiqa o‘qiladi

Video: De Rossi o‘zi emas, hujumchi maydonga tashlanishini talab qildi

Italiya terma jamoasi yarim himoyachisi Daniele De Rossi JCh-2018 saralash bosqichi doirasida Shvetsiyaga qarshi pley-offning javob uchrashuvida bosh murabbiy yordamchisiga qarshi chiqdi. 

Jurnalist Valerio Kurchoning yozishicha, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan De Rossi himoya chizig‘i vakili bo‘lgan o‘zi emas, yosh va hujum chizig‘ida o‘ynaydigan Lorentsio Insine chigalyozdi mashqlariga kirishishi kerakligi, u maydondagilarga o‘zidan ko‘ra ko‘proq yordam berishi mumkinligini aytgan. 

«Nega men tayyorlanishim kerak? Axir bizga durang emas, g‘alaba kerakku!» — degan De Rossi murabbiyga va Lorentso Insineni qo‘li bilan ko‘rsatgan. 

Murabbiy ikkinchi bo‘limda De Rossini ham Lorentso Insineni ham maydonga tushirmadi. Italiya — Shvetsiya o‘yini 0:0 hisobida yakunlandi, birinchi uchrashuvda shvedlar o‘z maydonida 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi va bu jahon chempionatiga chiqish uchun yetarli bo‘ldi. Italiya esa 1958 yildan buyon ilk marta jahon chempionatini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Bu natijadan keyin Buffon, De Rossi, Bardzali hamda Kellini terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani haqida ma'lum qilishdi.

Italiya termasi bosh murabbiyi Jampero Ventura A Seriya yulduzlaridan biri bo‘lmish Lorentso Insineni o‘ynatmayapti. Yosh futbolchiga Shvetsiyaga qarshi birinchi o‘yinda ham 15 daqiqa berilgan, shunda ham u o‘z pozitsiyasida emas (chap qanot vingeri) markaziy yarim himoyada o‘ynatilgandi.

O‘yindan keyin de Rossi o‘zining reaksiyasiga izoh berdi: «Biz faqat ikkitadan bo‘lib shug‘ullanishimiz mumkin edi. Har bir guruhga 5 daqiqadan vaqt beriladi, keyin bu juftlikni boshqasi almashtiradi. Men o‘yin oxirlab qolgani, shu tufayli shug‘ullanish uchun hujumchilarni yuborish ma'qulroqligini aytdim. Men o‘yladimki, Insinening foydasi ko‘proq tegadi».

Daniele de Rossi – 2006 yili terma jamoa bilan jahon chempioni bo‘lgan.

«Bu Italiya futboli uchun qorong‘i kunlar. O‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida dafn marosimidagi kabi muhit hukmron edi. Endi bizda barchasini o‘ylab ko‘rish uchun vaqt bor. Barchasini boshidan boshlash kerak, bizda yangi avlod yetishib kelmoqda va ular bilan yangi sarguzashtlarni boshlash kerak. Men bu libosni kiygan holda 10 yildan ortiq vaqt davomida dunyo bo‘ylab kezdim. Endi bu libosni oxirgi marta yechaman. Bu dahshatli», deya intervyu bergan futbolchi o‘yindan keyin Rai Sport telekanaliga.

Daniele – «adzurri»ning muhim futbolchilaridan biri edi. U terma jamoa safida 117 o‘yin o‘tkazib, 21 gol urgan – ikkitasini JCh-2018 saralashida – Ispaniya (1:1) va Albaniyaga (2:0) qarshi o‘yinlarda. 

De Rossi Chezare Prandellining Yevro-2012 finaliga chiqqan jamoasida asosiy futbolchilardan biri bo‘lgan. Italiya o‘sha turnirda Ispaniyaga qarshi ikki o‘yin o‘tkazgan – guruh bosqichida (1:1) va finalda (0:4), Daniyele o‘shanda Kellini va Bonuchchi bilan markaziy himoya uchligini tashkil qilgan.

Jahon chempionligi medali de Rossida yo‘q. U 2016 yilda o‘z medalini terma jamoaning sobiq ma'muri Petro Lombardi tobutiga minnatdorchilik ramzi sifatida qo‘ygandi. Futbolchi ma'murlarga medal berilmasligini hamisha adolatsizlik deb hisoblagan. 2006 yilda Spazzolino laqabli (Tish cho‘tkasi) Petro Danielega 4 o‘yinlik diskvalifikatsiyani (amerikalik Brayan Makbraydni urgani uchun) o‘tashda yordam bergandi. De Rossi finalda Fransiyaga qarshi o‘yinda maydonga qaytgan va o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida jamoasiga yordam bergandi.

Mavzuga oid