Jahon | 17:31 / 20.11.2017
13070
2 daqiqa o‘qiladi

Mugabening o‘rnini kim egallashi mumkinligi aytildi

Foto: AP

Zimbabve vitse-prezidenti Pxelekezela Mpxoko impichment yoki iste'foga chiqadigan bo‘lsa, davlat rahbari Robert Mugabening qonuniy vorisiga aylanadi, deb xabar bermoqda Zimbabvedagi Veritas huquqshunoslik markazi.

Avvalroq ZANU PF hukmron partiya markaziy qo‘mitasi Mugabeni partiya birinchi kotibi lavozimidan chetlatdi, shuningdek, uni dushanba kuni tushlik vaqtigacha prezident lavozimidan iste'foga chiqishga chaqirib, impichment bilan tahdid qildi. Mugabe yakshanba kuni xalqqa qilgan murojaatida o‘z iste'fosi haqida e'lon qilmadi va hukmron partiyaning dekabr oyidagi kongressida raislik qilish niyatida ekanini ma'lum qildi.

Veritas tahliliy izohida iddao etilishicha, impichment jarayoni muvaffaqiyatli yakun topsa, davlat rahbari lavozimi Mpxokoga o‘tishi kerak.

"Mpxoko mamlakat tashqarisida, yoki hibsda, yoxud partiyadagi lavozimidan mahrum qilingan, yoki undan chetlatilgan bo‘lishi mumkinligi, uning vitse-prezident sifatidagi maqomini o‘zgartirmaydi", - deya ekspertlar xulosasidan iqtibos keltiradi Harare24 yangiliklar portali.

Mpxoko qayerda ekanligi borasida turli ma'lumotlar kelmoqda: ba'zilariga ko‘ra, u Yaponiyaga qochib ketgan; boshqa ma'lumotga qaraganda esa – uy qamog‘ida saqlanmoqda. 

Ma'lumot uchun, Mpxoko Zimbabvedagi ikki vitse-prezidentdan biri sanaladi: uning hamkasbi Emmerson Mnangagva noyabr boshida iste'foga chiqarilgan.

Mavzuga oid