O‘zbekiston | 09:05 / 23.11.2017
37393
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi davlat mukofoti ta'sis etildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2017 yil 21 noyabr kuni «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini ta'sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili «Yoshlar kuni» arafasida topshirish haqidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha: 

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste'dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta'lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san'at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga talabgorlar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning natijalariga ko‘ra Komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga takliflar kiritiladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida belgilanadi;

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta'lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining o‘quvchilari oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste'dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli yigitlarga fan, ta'lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san'at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. 

Mavzuga oid